O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019 yil 17 yanvardagi PQ-4125-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
- Quyidagilar:
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarini qayta tayyorlash, malakasi va huquqiy bilimini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat olgan shaxslarning yagona reestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
- Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020 yil 24 mart,
180-son
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 martdagi 180-son qaroriga
1-ILOVA
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
- Ushbu Nizom nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti deb yuritiladi) faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma’muriy sud ishlari bo‘yicha sud ekspertizasini o‘tkazishga ixtisoslashtirilgan, shtatida sud eksperti sertifikatiga ega mutaxassislar (keyingi o‘rinlarda sud eksperti deb yuritiladi) bo‘lgan tashkilot hisoblanadi.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti yuridik shaxs shaklida tashkil etiladi.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti rahbari sifatida faqat sud eksperti faoliyat olib borishi mumkin.
Sud eksperti faqat bitta nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishi mumkin.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertizasini o‘tkazishda davlat sud-ekspertiza muassasalari kabi funksiyalarni amalga oshiradi, ular kabi huquqqa ega bo‘ladi, majburiyatlarni bajaradi va javobgar hisoblanadi.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti faqat sud ekspertizasini amalga oshirish faoliyati bilan shug‘ullanishga haqli.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining firma nomida uning nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti ekanligi ko‘rsatilishi shart.
2-bob. Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan sud ekspertizasini amalga oshirish
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019 yil 17 yanvardagi PQ-4125-son qaroriga 1-ilovada ko‘rsatilgan sud ekspertizalarini amalga oshirishga haqli.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertizasini o‘tkazishda Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 5 yanvardagi 5-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilot tomonidan sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomga amal qiladi.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari asosida ruxsat etilgan sud ekspertizasi turlari bo‘yicha shartnomaga muvofiq tadqiqotlar o‘tkazishi mumkin. Tadqiqot natijalari bo‘yicha mutaxassis fikri beriladi.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti o‘zining mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqi asosidagi binoga, tegishli sud ekspertizasini xavfsiz amalga oshirishga imkon beradigan va standartlar talablariga mos bo‘lgan moddiy-texnik bazasiga ega bo‘lishi lozim.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan sud-ekspertlik faoliyatini turar joyda amalga oshirish taqiqlanadi.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida sud ekspertizasi shartnomaga muvofiq pullik asosda amalga oshiriladi.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti amalga oshiriladigan sud ekspertizasi narxlarini mustaqil belgilaydi.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan sud ekspertizalari o‘tkazilganligi uchun to‘lov sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Ekspertizani o‘tkazish bo‘yicha shartnomaga ko‘ra to‘lov amalga oshirilmaganligi tekshirish ob’ektlari va ish materiallarini ekspertiza o‘tkazmasdan qaytarish uchun asos hisoblanadi.
- Sud ekspertizasini tayinlagan organ nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan sud ekspertizasi xulosasiga qo‘shilmagan taqdirda qayta sud ekspertizasi faqat davlat sud-ekspertiza muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
- Davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan amalga oshirilgan sud ekspertizasi xulosasi bo‘yicha qo‘shimcha va qayta sud ekspertizasi, shu jumladan, komissiyaviy va kompleks sud ekspertizalari nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan o‘tkazilishi mumkin.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti respublikaning barcha hududlaridan, shuningdek, xorijiy mamlakatlardan olingan buyurtmalar asosida sud ekspertizasini amalga oshirish huquqiga ega.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertizasini o‘tkazishda tegishli davlat sud-ekspertiza muassasalarining ilmiy kengashlari tomonidan ma’qullangan ilmiy-metodik qo‘llanmalarga, shuningdek, mustaqil tarzda ishlab chiqilgan va davlat sud-ekspertiza muassasalarida aprobatsiyadan o‘tgan metodikalarga rioya qilishi lozim.
- Sud eksperti lavozimdan bo‘shatilganda, vafot etganda yoki belgilangan tartibda qasddan jinoyat sodir etishda aybdor deb topilganda yoxud qonun hujjatlariga muvofiq sud ekspertizasini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi boshqa holatlar yuzaga kelganda uning yurituvida bo‘lgan sud-ekspertiza ishi nodavlat sud-ekspertiza rahbari tomonidan boshqa malakali sud ekspertiga topshirilishi mumkin. Bu to‘g‘risida sud ekspertizasini tayinlagan organga darhol xabar beriladi.
Sud-ekspertiza ishini boshqa malakali sud ekspertiga topshirish imkoniyati bo‘lmaganda nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti rahbari uch kunlik muddatda tekshirish ob’ektlari va ish materiallarini sud ekspertizasini tayinlagan organga qaytaradi. Bunda, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti amalga oshirilgan to‘lovni shartnomaga muvofiq qaytaradi.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan ekspertizani tayinlagan organ (shaxs) bilan kelishmasdan boshqa shaxslarni ekspertiza o‘tkazish uchun jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Sud-ekspertizasi o‘tkazish uchun tushgan ish bo‘yicha tomonlarning birortasiga nisbatan affillangan shaxs bo‘lgan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotiga yoki nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining sud ekspertiga bu ish bo‘yicha sud ekspertizasini o‘tkazish taqiqlanadi.
Ish bo‘yicha ishtirok etayotgan tomonlarning affillangan shaxsi deb quyidagilar tan olinadi:
nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining mulkdori, muassisi, kuzatuv kengashi, ijro organi a’zosi, kreditori, sug‘urtalovchisi;
ustav jamg‘armasi (ustav kapitali)da nodavlat sud-ekspertiza tashkilotning yoki nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertining ulushi bo‘lgan yuridik shaxs;
mazkur moddada ko‘rsatilgan shaxslar bilan yaqin qarindosh bo‘lgan shaxslar.
3-bob. Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertlariga qo‘yiladigan talablar
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti shtatida uning rahbaridan tashqari bir xil yoki turli xil sud ekspertizasi yo‘nalishi bo‘yicha sud eksperti sertifikatiga ega kamida ikki nafar sud eksperti bo‘lishi lozim.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida sud eksperti lavozimini oliy ma’lumotga, alohida hollarda esa o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lgan shaxslar egallashi mumkin.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining rahbari oliy ma’lumotli bo‘lishi shart.
- Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs sud eksperti sifatida jalb etilishi mumkin emas.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti rahbari va sud ekspertlari har ikki yilda malakasi va huquqiy bilimlarini oshirishlari lozim.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining sud eksperti tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda sud eksperti sertifikatini olmasdan turib yoki har ikki yilda malakasi va huquqiy bilimini oshirmasdan sud ekspertizasi o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarini qayta tayyorlash, malakasi va huquqiy bilimini oshirish ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
- Sud eksperti sertifikatini olgandan keyin uzluksiz ravishda besh yil davomida o‘z ixtisosligi bo‘yicha sud-ekspertlik faoliyatini olib bormagan shaxs faqat qayta tayyorlash kurslaridan takroran muvaffaqiyatli o‘tgandan keyin sud ekspertizasini o‘tkazishga haqli.
4-bob. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining reytingini yuritish
- O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan uning rasmiy veb-saytida belgilangan tartibda joylashtiriladigan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari reytingi yuritiladi.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari reyingi quyidagi mezonlar asosida yuritiladi:
shtatdagi sud ekspertlarining ilmiy darajasi;
laboratoriyalarning «Tadqiqot va kalibrovka laboratoriyalarining vakolatliliga qo‘yiladigan umumiy talablar (ISO/IEC 17025)»ga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tkazilganligi;
o‘tkaziladigan sud ekspertizasining turlari;
qayta o‘tkazilgan sud ekspertizasida o‘z tasdig‘ini topmagan ekspertiza xulosalari soni.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari har yili yanvar oyi yakuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga shtatdagi sud ekspertlarining ilmiy darajasi, laboratoriyalarning «Tadqiqot va kalibrovka laboratoriyalarining vakolatliliga qo‘yiladigan umumiy talablar (ISO/IEC 17025)»ga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tkazilganligi, o‘tkaziladigan sud ekspertizasining turlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga taqdim etadi.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan va qayta sud ekspertizasida o‘z tasdig‘ini topmagan ekspertiza xulosalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim qilinadi.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud eksperti tomonidan berilgan va qayta sud ekspertizasida o‘z tasdig‘ini topmagan sud-ekspertiza xulosasi to‘g‘risidagi ma’lumot Sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat olgan shaxslarning yagona reestriga kiritiladi va besh yil davomida saqlanadi.
- Sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat olgan shaxslarning yagona reestrini yuritish ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 martdagi 180-son qaroriga
2-ILOVA
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarini qayta tayyorlash, malakasi va huquqiy bilimini oshirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
- Ushbu Nizom nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining sud ekspertlarini qayta tayyorlash, malakasi va huquqiy bilimini oshirish tartibini belgilaydi.
- Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
sud eksperti — nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida o‘z xizmat vazifalarini bajarish tartibida sud ekspertizasini o‘tkazuvchi sud eksperti;
sud ekspertini qayta tayyorlash — oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslarni nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida sud eksperti sifatida faoliyat olib borishi uchun zarur bilim va malakaga ega bo‘lishi uchun kasbga qayta tayyorlash;
sud ekspertining malakasini oshirish — nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertining mazkur Nizomda belgilangan muddatlarda va tartibda amaliy bilimlari, ko‘nikma va malakalarini kengaytirish va mustahkamlash maqsadida malaka oshirish kurslarida kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirishi;
sud ekspertining huquqiy bilimini oshirish — nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida sud eksperti sifatida faoliyat olib borish uchun lozim bo‘lgan huquqiy bilimlarni egallash va amaliyotda qo‘llay olish ko‘nikmalarini shakllantirish.
- Sud ekspertlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymanova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Fanlar akademiyasining Zoologiya instituti, Fanlar akademiyasining Botanika instituti hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi (keyingi o‘rinlarda davlat muassasalari deb ataladi) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019 yil 17 yanvardagi PQ-4125-son qaroriga 2-ilovada belgilangan ekspertiza turlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Sud ekspertlarining huquqiy bilimini oshirish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymanova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining Sud ekspertlarining malakasini oshirish o‘quv markazida amalga oshiriladi.
Davlat muassasalari qayta tayyorlashdan va malaka oshirishdan o‘tgan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni uch kun ichida yozma tarzda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim qiladi. Taqdim qilingan ma’lumotda sud ekspertining familiyasi, ismi, otasining ismi, berilgan sertifikat raqami hamda sanasi ko‘rsatiladi.
2-bob. Sud ekspertlarini qayta tayyorlash
- Sud ekspertlarini qayta tayyorlashning maqsadi — sud ekspertizalarining muayyan turi bo‘yicha nazariy bilim, amaliy ko‘nikma va malakani shakllantirish, talabgorni nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida sud eksperti sifatida faoliyat olib borishga tayyorlashdan iborat.
Sud ekspertlarini qayta tayyorlash sud ekspertlarini qayta tayyorlashga qo‘yiladigan talablar asosida tashkil qilinadi.
- Quyidagilar sud ekspertlarini qayta tayyorlashning vazifalari hisoblanadi:
tinglovchilarni sud ekspertizasi bo‘yicha mamlakatdagi va xorijiy davlatlardagi mavjud ilmiy axborot resurslari, ilmiy va o‘quv adabiyotlari bilan tanishtirish;
tinglovchilarda sud ekspertizalarining muayyan turi bo‘yicha zamonaviy fan va texnologiyaga muvofiq bo‘lgan, ilmiy asoslangan metodikalar amalda qo‘llanilishi ko‘nikmalarini shakllantirish;
tinglovchilarni muayyan sud ekspertizasining shakllanish bosqichlari to‘g‘risida, zamonaviy sud ekspertizasining so‘nggi yutuqlari va imkoniyatlari haqida dolzarb axborot bilan ta’minlash;
sud ekspertlik faoliyatida zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni yetarlicha shakllantirish uchun lozim bo‘lgan amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish;
tinglovchilarda mustaqil ravishda sud ekspertizasini o‘tkazish va sud ekspertiza xulosasini rasmiylashtirish uchun zarur bo‘lgan malakani shakllantirish.
- Sud ekspertlarini qayta tayyorlash ixtiyoriylik asosida sud ekspertizasining muayyan turi bo‘yicha kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish istagini bildirgan talabgorlar uchun tashkil etiladi.
- Sud ekspertini qayta tayyorlash shartnomaga muvofiq pullik asosda o‘tkaziladi.
- Sud ekspertizasining muayyan turi bo‘yicha uzluksiz ravishda 10 yil davomida sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirgan sud eksperti ushbu ixtisoslik bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarini o‘tmasdan yakuniy imtihon topshirishga haqli.
Sud eksperti sertifikatini olgandan keyin uzluksiz ravishda besh yil davomida o‘z ixtisosligi bo‘yicha sud-ekspertlik faoliyatini olib bormagan shaxs faqat qayta tayyorlash kurslaridan takroran muvaffaqiyatli o‘tgandan keyin sud ekspertizasini o‘tkazishga haqli.
- Davlat muassasalarida sud ekspertlarini qayta tayyorlash o‘quv dasturlari va rejalari asosida amalga oshiriladi.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining rahbari sud ekspertlarining o‘z vaqtida malakasi va huquqiy bilimlarini oshirish uchun mas’ul hisoblanadi.
3-bob. Sud ekspertlarini qayta tayyorlash o‘quv kurslariga qabul qilish
- Qayta tayyorlash o‘quv kursiga qabul qilishni tashkil etish uchun har yili davlat muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan toq sondan iborat qabul komissiyasi (keyingi o‘rinlarda qabul komissiya deb ataladi) tashkil etiladi. Ushbu qabul komissiyasi kalendar yil davomida faoliyat yuritadi.
- Qabul komissiyasi tarkibiga davlat muassasasi rahbari, tegishli soha bo‘yicha tajribali sud ekspertlari hamda davlat muassasasi buysunadigan vazirlik yoki idora vakili kiradi. Davlat muassasasi rahbari komissiya raisi hisoblanadi. Komissiya a’zolari ichidan uning kotibi tayinlanadi.
Komissiya uning uchdan ikki qismi a’zolari hozir bo‘lganda vakolatli hisoblanadi. Komissiya majlislarida kotib tomonidan majlis bayonnomasi yuritiladi.
- Sud ekspertlarini qayta tayyorlash o‘quv kurslari, qoida tariqasida, yiliga ikki marta sentyabr va mart oylarida tashkil etiladi.
- Qayta tayyorlash o‘quv kurslariga talabgorlardan hujjat qabul qilish o‘quv kursi boshlanishidan ikki oy oldin boshlanadi va o‘quv kursi boshlanishiga bir oy qolganda to‘xtatiladi.
- Talabgorlarni o‘quv kursiga qabul qilish suhbat shaklida o‘tkaziladi va o‘quv kursi boshlanishidan bir oy oldin boshlanadi.
- Qayta tayyorlash o‘quv kursi tashkil etilishi, o‘quv kurslarining tegishli sud-ekspertlik ixtisosliklari bo‘yicha davomiyligi, to‘lov miqdori, hujjatlar qabul qilinadigan va suhbat o‘tkaziladigan joy to‘g‘risida davlat muassasasining veb-saytida hamda ommaviy aborot vositalarida e’lon beriladi.
- Talabgor tegishli davlat muassasasiga quyidagi hujjatlarni topshiradi:
davlat muassasasi rahbari nomiga ariza (arizada talabgorning qaysi tilda ta’lim olishni hohlashi ko‘rsatiladi);
pasport nusxasi (pasportning asl nusxasi hujjat topshirishda ko‘rsatiladi;
ma’lumoti to‘g‘risidagi diplom nusxasi;
3,5×4,5 hajmdagi ikki dona fotosurat;
nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti nomidan tavsiyanoma.
- Qabul komissiyasi kotibi tomonidan har bir talabgor uchun hujjatlar yig‘majildi shakllantiriladi va qabul komissiyasiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.
- Suhbat talabgorning umumiy dunyoqarashi va kasbga qiziqishi, soha bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida qabul komissiyasi tomonidan o‘zbek yoki rus tilida o‘tkaziladi.
- Suhbat natijasi bo‘yicha o‘qishga tavsiya etilgan talabgorga ikki nusxada qayta tayyorlash o‘quv kursida o‘qish to‘g‘risidagi shartnomani imzolash taklif etiladi.
- Qayta tayyorlash to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan va to‘lovni amalga oshirgan talabgorlar qayta tayyorlash o‘quv kurslariga davlat muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan qabul qilinadi.
4-bob. Sud ekspertlarini qayta tayyorlash o‘quv kurslarini tashkil qilish
- Sud ekspertlarini qayta tayyorlash o‘quv kurslarida o‘quv mashg‘ulotlari ma’ruza, seminar, amaliy mashg‘ulot, shuningdek interfaol o‘qitish shakllarida (amaliy, laboratoriya, keys-stadi, trening, debat) tashkil qilinadi.
Ta’lim jarayoni o‘zbek yoki rus tillarida olib boriladi.
O‘quv jarayoni sud ekspertizasining muayyan turi bo‘yicha shakllantirilgan guruh tarkibida yoki yakka tartibda (individual o‘qish) o‘tkaziladi.
- O‘quv jarayonining davomiyligi o‘quv rejasiga muvofiq belgilanadi. O‘quv jarayoni haftasiga ko‘pi bilan 36 akademik soat hajmida amalga oshiriladi. O‘quv yuklamasining umumiy hajmi sud ekspertlarini qayta tayyorlashga qo‘yiladigan talablardan kelib chiqqan holda fanlar bloklari bo‘yicha taqsimlanadi.
Ma’ruza, seminar va amaliy mashg‘ulotning o‘quv soatlari miqdori qayta tayyorlash kursining davomiyligidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda ma’ruza va seminar o‘quv yuklamasining 40 foizidan oshmasligi lozim.
- Sud ekspertlarini qayta tayyorlash sud ekspertiza turlariga bog‘liq ravishda kamida olti oydan (24 hafta) kam bo‘lmagan muddatda tashkil etiladi.
Sud ekspertlarining malakasini oshirish muddati uch hafta etib belgilanadi, bunda kamida bir hafta sud ekspertlarining huquqiy bilimlarini oshirishga ajratiladi.
- O‘quv kursining barcha turdagi auditoriya mashg‘ulotlarining davomiyligi — 80 minut (ikki akademik soat) etib belgilanadi. O‘quv mashg‘ulotlari orasida tanaffus e’lon qilinadi.
- O‘quv kursining har bir mustaqil mavzusi bo‘yicha tinglovchi tomonidan malaka ishi (referat) himoya qilinadi.
- Amaliy mashg‘ulotlarda tinglovchilar tegishli sud-ekspertlik faoliyati bo‘yicha tadqiqotlar va tekshiruvlarni mustaqil tarzda o‘tkazadi hamda ularning natijasi bo‘yicha zarur hujjatlarni rasmiylashtirish ko‘nikmalarini egallaydi.
- Joriy va oraliq nazorat, amaliy mashg‘ulotlar natijalarini qayd qilish, tinglovchilar davomatini yuritish uchun tegishli jurnal yuritiladi.
- Tinglovchilar o‘quv jarayonidan quyidagi holatlarda davlat muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan chetlashtiriladi:
davlat muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzganlik uchun;
uzrli sabablarsiz 24 akademik soatdan ko‘p o‘quv mashg‘ulotlarini qoldirganlik uchun.
5-bob. Tinglovchilar bilimini baholash
- O‘quv kursida tinglovchilarning bilimi va amaliy ko‘nikmalari reyting tizimi asosida baholanadi.
Tinglovchilar tomonidan o‘quv dasturlarini o‘zlashtirish darajasi joriy, oraliq nazorat va yakuniy attestatsiya orqali aniqlanadi.
Yakuniy attestatsiya o‘qish davrida olingan nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalarni aniqlashga qaratilgan yozma va amaliy imtihon shaklida o‘tkaziladi.
- Yozma va amaliy imtihon savollari o‘quv jarayonida o‘zlashtirilgan nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalarni sinovdan o‘tkazish uchun o‘quv jarayonida o‘tilgan mavzular va materiallar asosida tuziladi.
- Yakuniy attestatsiya qabul komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi. Yakuniy imtihon natijalari komissiya a’zolari tomonidan imzolanadigan qaydnoma varaqalariga kiritiladi.
Yakuniy attestatsiya va apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish jarayoni videotasvirga olinadi. Videotasvir uch oy davomida muhrlangan holda davlat muassasasida saqlanadi.
- Yakuniy attestatsiyadan o‘tolmagan tinglovchi uch kun ichida davlat muassasasi rahbari nomiga apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilishga haqli.
Apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish uchun davlat muassasasi rahbari buyrug‘i bilan toq sondan iborat apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi. Qabul komissiyasi a’zolarining ko‘pi bilan yarmi apellyatsiya komissiyasi tarkibiga kirishi mumkin.
Shikoyat apellyatsiya komissiyasi tomonidan tinglovchi ishtirokida uch kun ichida ko‘rib chiqiladi hamda tinglovchining attestatsiyadan o‘tganligi yoki o‘tmaganligi to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Komissiya qarori uning barcha a’zolari tomonidan imzolanadi.
6-bob. Sud ekspertlariga sertifikat berish yoki berishni rad etish, shuningdek, bekor qilish tartibi
- Sud ekspertlarini qayta tayyorlash kursi bo‘yicha yakuniy attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan sud ekspertlariga ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq namunadagi sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat beriladi.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlariga sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat Nizomga 2-ilovaga muvofiq tartibda beriladi.
Yakuniy attestatsiyadan o‘ta olmagan tinglovchilarga sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat o‘rniga sud ekspertlarini qayta tayyorlash bo‘yicha kurslarda tahsil olganligi haqida ma’lumotnoma beriladi.
Sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat berishni rad etish asoslari sud ekspertiza turlari bo‘yicha ta’lim dasturlarida belgilanadi.
- Yakuniy attestatsiyaga uzrli sabablar bilan qatnashmagan tinglovchiga bir oy ichida attestatsiyani topshirishga imkoniyat beriladi.
- Sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat sud eksperti tomonidan har ikki yilda malakasi va huquqiy bilimlarini oshirib borilganda muddatsiz amal qiladi.
- Sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat quyidagi holatlarda bekor qilinadi:
sud eksperti xulosasi ustidan tushgan shikoyat tasdig‘ini topsa;
sud ekspertining faoliyati ushbu Nizom talablariga muvofiq emasligi aniqlansa;
sud ekspertizasini o‘tkazishda Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 5 yanvardagi 5-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilot tomonidan sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomga amal qilmaganligi aniqlansa;
tegishli sud ekspertizasini xavfsiz amalga oshirishga imkon beradigan va standartlar talablariga mos bo‘lgan moddiy-texnik bazasi mavjud bo‘lmasa;
sud-ekspertlik faoliyati bilan shug‘ullanish davrida belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganda;
qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganda;
belgilangan tartibda har ikki yilda malakasi va huquqiy bilimlarini oshirmasa.
- Tushgan shikoyat yuzasidan nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti faoliyatini o‘rganish tegishli tartibda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligini xabardor qilgan holda davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
- Sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat bekor qilingan sud eksperti umumiy asoslarda qayta sertifikat olishi mumkin.
- Davlat muassasasi sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat bekor qilingan sud eksperti to‘g‘risidagi ma’lumotni o‘rganish yakunlanganidan so‘ng uch kun ichida nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari reytingiga tegishli ma’lumotni kiritish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim qiladi.
7-bob. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarini qayta tayyorlash va malaka oshirishga qo‘yiladigan talablar
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishga qo‘yiladigan talablar (keyingi o‘rinlarda Talablar deb ataladi) sud ekspertlarining qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlari, ta’lim sifatini baholash va nazorat qilish bo‘yicha hujjatlarni ishlab chiqish uchun asos hisoblanadi.
- Quyidagilar sud ekspertlarini qayta tayyorlashga va malakasini oshirishga qo‘yiladigan asosiy talablar hisoblanadi:
Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan asosiy prinsiplar va qoidalarni bilish, qonun hujjatlari normalarini to‘g‘ri anglash va qo‘llash qobiliyati;
sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirish qobiliyati;
ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanish qobiliyati;
turli vaziyatlarga nisbatan ruhiy barqarorlik.
- Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan asosiy prinsiplar va qoidalarni bilish, qonun hujjatlari normalarini to‘g‘ri anglash va qo‘llash qobiliyati quyidagilarni nazarda tutadi:
Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan asosiy prinsiplar hamda qoidalarni, jumladan, protsessual normalarni bilish va ularning mohiyatini tushunish;
qonun hujjatlarida belgilangan fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va majburiyatlarini bilish va ularning qonun bilan kafolatlanishini anglash;
davlat hokimiyati organlari tizimini va ularning tashkil etilishi asoslarini bilish;
sohaga oid qonun hujjatlarini bilish, tushunish va ularni amaliyotda qo‘llay olish.
- Sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirish qobiliyati quyidagilarni nazarda tutadi:
sud ekspertizasi sohasidagi bilimlarni qo‘llash ko‘nikmalariga ega bo‘lish;
mustaqil ijodiy fikrlash hamda sohaga oid huquqiy normalarni to‘g‘ri, bir xilda tushunish va qo‘llash, ularning mazmunini aniqlay olish;
sud ekspertizalarining metodikalarini bilish, ularni tadqiqotlar o‘tkazishda mustaqil va to‘g‘ri qo‘llay olish;
dastlabki, qayta, qo‘shimcha, komissiyaviy va kompleks ekspertizalar bo‘yicha tadqiqotlarni o‘tkaza olish;
sud ekspertizasi sohasida zamonaviy axborot texnologiyalarini mustaqil qo‘llash, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishning amaliy ko‘nikmalariga ega bo‘lish;
sud ekspertizalarini tayinlash va o‘tkazishda mavjud xatolar aniqlay olish hamda ularni bartaraf etish yo‘llarini bilish;
o‘z faoliyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilishning asoslarini bilish.
- Ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanish qobiliyati quyidagilarni nazarda tutadi:
sud-ekspertiza sohasida alohida mavzu yoki mavzuning bir qismi bo‘yicha ilmiy izlanishlar hamda tajriba o‘tkaza olish va bunday faoliyatda ishtirok etish;
sud ekspertizalarining mavjud metodikalarini takomillashtirish yoki yangi metodikalar yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish;
yangi turdagi sud ekspertizalarini joriy qilish bo‘yicha tegishli ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borish.
- Turli vaziyatlarga nisbatan ruhiy barqarorlik qobiliyati quyidagilarni nazarda tutadi:
faoliyatida uchrab turadigan ziddiyatli vaziyatlarni oldindan bilish va ularni baholay olish;
sud-ekspertlik faoliyatida yuzaga keladigan kolliziyalarni aniqlash va ularni bartaraf etish yo‘llarini bilish;
turli vaziyatlarda aniq va qonunga muvofiq harakat qilish.
- Sud ekspertlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishga qo‘yiladigan umumiy talablar, sud ekspertlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish sifatini baholash hamda nazorat qilish tartibi tegishli o‘quv dasturlari bilan belgilanadi.
8-bob. Sud ekspertlarining malakasini va huquqiy bilimini oshirish
- Malakasini va huquqiy bilimlarini oshirayotgan sud ekspertlariga o‘qishning butun davri mobaynida ish beruvchi bilan kelishilgan holda asosiy ish joyi bo‘yicha egallab turgan lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlab qolinishi mumkin.
- Sud ekspertlarining malakasini va huquqiy bilimlarini oshirish kurslari, davlat muassasasi tomonidan tasdiqlangan grafik-taqsimot asosida tashkil etiladi.
- Sud ekspertlarining malakasini va huquqiy bilimlarini oshirish shartnomaga muvofiq to‘lov asosida amalga oshiriladi.
- Sud ekspertining navbatdagi malaka va huquqiy bilimini oshirish muddatidan kamida bir oy oldin nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti rahbari tegishli davlat muassasasiga mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq ariza bilan murojaat qiladi.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan tegishli o‘quv kursi boshlanishidan kamida o‘n kun oldin shartnomaga muvofiq to‘lov amalga oshiriladi.
- Sud ekspertlarining malakasini oshirish muddati ikki haftani, huquqiy bilimlarini oshirish muddati esa bir haftani tashkil qiladi.
O‘quv jarayoni haftasiga ko‘pi bilan 36 akademik soat hajmida amalga oshiriladi.
9-bob. Sud ekspertlarining malakasini va huquqiy bilimini oshirish bo‘yicha o‘quv jarayonini tashkil etish
- Sud ekspertlarining malakasini va huquqiy bilimini oshirish alohida o‘quv dasturlari asosida amalga oshiriladi.
- O‘quv jarayoni guruh tarkibida yoki yakka tartibda sud ekspertizalarining muayyan bir turi bo‘yicha tashkil etiladi.
- Davlat muassasalari:
multimedia va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda o‘quv reja va dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
fanlarning sud ekspertiza amaliyoti bilan aloqasini ta’minlaydi, o‘quv jarayoniga sud ekspertizasi sohasidagi ilg‘or ilmiy tadqiqotlar natijalari, pedagogik texnologiyalar, mashg‘ulotlar o‘tkazishning samarali shakl va usullarini joriy etadi;
sud ekspertlari tomonidan o‘z mutaxassisligi bo‘yicha yangi nazariy bilimlar va zamonaviy tadqiqot usullari, ilg‘or amaliy tajribadan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirishni ta’minlaydi;
mamlakatimizda va xorijda ishlab chiqilgan sud ekspertizasi fanlariga taalluqli ilmiy, metodik va texnik yangiliklar, ilg‘or tajribani o‘rganadi hamda o‘quv jarayoniga joriy qiladi;
o‘quv jarayonining lozim darajada tashkil qilinishi va o‘tkazilishi uchun javob beradi.
- O‘quv jarayoni muayyan yo‘nalish bo‘yicha uzlukiz mashg‘ulotlar (kun davomida boshqa turdagi mashg‘ulotlarga jalb etmasdan) tarzida amalga oshiriladi.
- Sud ekspertlarining malakasini oshirish jarayonida malakaviy amaliyot o‘tkazilishi nazarda tutiladi.
- Sud ekspertini malaka va huquqiy bilimni oshirish kursiga qabul qilish bo‘yicha davlat muassasasi rahbarining buyrug‘i qabul qilinadi.
- Sud ekspertlari quyidagi holatlarda o‘quv kursidan chetlashtiriladi:
davlat muassasasi ichki tartib-qoidalarini buzganlik uchun;
uzrli sabablarsiz 8 akademik soatdan ko‘p o‘quv mashg‘ulotlarini qoldirganlik uchun.
- Sud eksperti o‘z arizasiga ko‘ra o‘quv jarayonidan chetlashtirilishi mumkin. Uzrli sabablarga ko‘ra o‘qishni davom ettira olmagan sud ekspertiga kelgusida tashkil etiladigan o‘quv kurslarida o‘qish imkoni beriladi.
- Sud ekspertini o‘quv jarayonidan chetlashtirish davlat muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi va bu haqda tegishli nodavlat sud-ekspertizasi tashkilotiga xabar beriladi.
10-bob. Sud ekspertlarining bilimini baholash
- O‘quv jarayoniga jalb qilingan sud ekspertlari bilimlarini baholash yakuniy nazoratlar natijasiga ko‘ra amalga oshiriladi.
Malaka va huquqiy bilimlarni oshirish bo‘yicha yakuniy nazorat test yoki yozma imtihon shaklida o‘tkaziladi.
- Yakuniy nazoratni o‘tkazish uchun davlat muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan komissiya tashkil etiladi. Komissiya tarkibiga davlat muassasasi buysunadigan vazirliklar va idoralar, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarning vakillari ular bilan kelishgan holda kiritilishi mumkin.
Yakuniy nazorat natijalari komissiya a’zolari tomonidan imzolanadigan qaydnoma varaqalariga kiritiladi.
- Malaka oshirish o‘quv dasturini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan sud ekspertiga ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq namunadagi sertifikat beriladi.
Huquqiy bilimini oshirish o‘quv dasturini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan sud ekspertiga ushbu Nizomga 5-ilovaga muvofiq namunadagi sertifikat beriladi.
- Yakuniy nazoratlardan o‘ta olmagan yoki uzrli sabablarga ko‘ra ularda ishtirok eta olmagan sud ekspertiga, uning arizasiga binoan, bir oy ichida yakuniy nazoratni qayta topshirish imkoni beriladi.
- Belgilangan muddatlarda malakasini va huquqiy bilimlarini oshirmagan yoki yakuniy nazoratdan qayta o‘ta olmagan sud eksperti malakasini va huquqiy bilimlarini oshirishdan o‘tmagan deb hisoblanadi.
- Malakasini va huquqiy bilimlarni oshirishdan o‘tmagan sud eksperti ushbu Nizomda belgilangan tartibda malaka va huquqiy bilimini oshirish kursida takroran o‘qishi mumkin.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari malakasini va huquqiy bilimlarini oshirishdan o‘tgan sud ekspertlari to‘g‘risidagi ma’lumotni uch kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim qiladi.
- Belgilangan muddatlarda sud ekspertlarining malakasi va huquqiy bilimlari oshirilishini ta’minlamagan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ogohlantirish beriladi va uning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
- Malakasini va huquqiy bilimlarni oshirishdan o‘tgan sud ekspertlari to‘g‘risidagi ma’lumot Sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat olgan shaxslarning Yagona reestriga kiritiladi.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarini qayta tayyorlash, malakasini va huquqiy bilimini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
_______________________________________________ | ||||||||||||||||||||||||
(Davlat muassasasining nomi) | ||||||||||||||||||||||||
sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi SERTIFIKAT |
||||||||||||||||||||||||
№ _____________ | ||||||||||||||||||||||||
20____ yil «____» ____________________ | _____________________ | |||||||||||||||||||||||
(berilgan joyi) | ||||||||||||||||||||||||
____________________________________________________________________________________________ | ||||||||||||||||||||||||
(sud ekspertining familiyasi, ismi, otasining ismi) | ||||||||||||||||||||||||
20____ yil «____» ________________ dan 20____ yil «____» _______________ gacha _______________soatli | ||||||||||||||||||||||||
_________________________________________________________________________________________ ni | ||||||||||||||||||||||||
(qayta tayyorlash kursining nomi) | ||||||||||||||||||||||||
muvaffaqiyatli tamomladi. | ||||||||||||||||||||||||
Mazkur sertifikat sud ekspertining sud ekspertizasining ___________________________________________ turi bo‘yicha kasbiy layoqatini tasdiqlaydi. | ||||||||||||||||||||||||
Komissiya raisi ___________________ | _____________________ | |||||||||||||||||||||||
_____________________ | ||||||||||||||||||||||||
__________________ | ||||||||||||||||||||||||
(imzo) | (F.I.O.) | |||||||||||||||||||||||
(M.O‘.) |
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarini qayta tayyorlash, malakasini va huquqiy bilimini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlariga sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat berish
SXEMASI
Bosqichlar | Sub’ektlar | Chora-tadbirlar | Muddatlar | |||
1 bosqich | Davlat muassasasi | Qayta tayyorlash o‘quv kursi tashkil etilishi to‘g‘risida davlat muassasasining veb-saytida hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon berish.
Qayta tayyorlash o‘quv kursiga qabul qilishni tashkil etish uchun qabul komissiyasi tashkil etish. |
Qoida tariqasida, yiliga ikki marta sentyabr va mart oylarida | |||
2 bosqich | Davlat muassasasi va talabgor | Qayta tayyorlash kurslariga talabgorlardan tegishli hujjatlarni qabul qilish. | O‘quv kursi boshlanishidan 2 oy oldin, 30 kun davomida | |||
3 bosqich | Davlat muassasasi va talabgor | Talabgorni o‘quv kursiga qabul qilish uchun suhbat tashkil qilish. | O‘quv kurs boshlanishidan 1 oy oldin boshlanadi, 2 kun muddat davomida |
|||
4 bosqich | Davlat muassasasi va tinglovchi | Suhbat natijasi bo‘yicha o‘qishga tavsiya etilgan talabgorga shartnoma imzolashni taklif etish.
Talabgorlarni qayta tayyorlash o‘quv kurslariga qabul qilish. |
Suhbat yakunlanganidan so‘ng 3 kunlik muddatda | |||
5 bosqich | Davlat muassasasi va tinglovchi | Sud ekspertizasining tegishli turi bo‘yicha qayta tayyorlash kurslarini tashkil qilish (o‘quv jarayoni) | 6 oydan 1 yilgacha | |||
6 bosqich | Davlat muassasasi va tinglovchi | Qayta tayyorlash kurslari bo‘yicha yakuniy nazoratdan muvaffaqiyatli o‘tgan tinglovchiga sertifikat berish | O‘quv jarayoni yakunlanganidan so‘ng
3 kun muddatda |
|||
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarini qayta tayyorlash, malakasini va huquqiy bilimini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
3-ILOVA
__________________________________ (davlat muassasasining nomi) ________________________________ga (muassasa rahbarining F.I.O.) __________________________________ (nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti nomi) _______________________________dan (tashkilot rahbarining F.I.O.) |
||||||||||||||||||||||||
Sud ekspertlarining malakasini /huquqiy bilimini oshirish bo‘yicha ariza |
||||||||||||||||||||||||
Sud ekspertlarining malaka/huquqiy bilimini oshirish kurslarida quyidagi xodim(lar)ni o‘qitish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatishingizni so‘rayman: | ||||||||||||||||||||||||
T.r. | Xodim(lar)ning F.I.O. | Xodim(lar)ning lavozimi | Mutaxassislik nomi | |||||||||||||||||||||
1. | ||||||||||||||||||||||||
2. | ||||||||||||||||||||||||
3. | ||||||||||||||||||||||||
______________________________________ (rahbar lavozimi) |
_________________ (imzo) |
______________________ (F.I.O.) |
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarini qayta tayyorlash, malakasini va huquqiy bilimini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
4-ILOVA
_______________________________________________ | ||||||||||||||||||||||||
(Davlat muassasasining nomi) | ||||||||||||||||||||||||
sud ekspertining malakasinioshirganligi to‘g‘risida SERTIFIKAT |
||||||||||||||||||||||||
№ _____________ | ||||||||||||||||||||||||
20____ yil «____» ____________________ | _____________________ | |||||||||||||||||||||||
(berilgan joyi) | ||||||||||||||||||||||||
____________________________________________________________________________________________ | ||||||||||||||||||||||||
(sud ekspertining familiyasi, ismi, otasining ismi) | ||||||||||||||||||||||||
20____ yil «____» ________________ dan 20____ yil «____» _______________ gacha _______________soatli | ||||||||||||||||||||||||
_________________________________________________________________________________________ ni | ||||||||||||||||||||||||
(malaka ishirish kursining nomi) | ||||||||||||||||||||||||
muvaffaqiyatli tamomladi. | ||||||||||||||||||||||||
Mazkur sertifikat sud ekspertining sud ekspertizasining ___________________________________________ turi bo‘yicha kasbiy layoqatini tasdiqlaydi. | ||||||||||||||||||||||||
Komissiya raisi ___________________ | _____________________ | |||||||||||||||||||||||
_____________________ | ||||||||||||||||||||||||
__________________ | ||||||||||||||||||||||||
(imzo) | (F.I.O.) | |||||||||||||||||||||||
(M.O‘.) | Amal qilish muddati 2 yil |
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertlarini qayta tayyorlash, malakasini va huquqiy bilimini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
5-ILOVA
_______________________________________________ | ||||||||||||||||||||||||
(Davlat muassasasining nomi) | ||||||||||||||||||||||||
sud ekspertining huquqiy bilimini oshirganligi to‘g‘risida SERTIFIKAT |
||||||||||||||||||||||||
№ _____________ | ||||||||||||||||||||||||
20____ yil «____» ____________________ | _____________________ | |||||||||||||||||||||||
(berilgan joyi) | ||||||||||||||||||||||||
____________________________________________________________________________________________ | ||||||||||||||||||||||||
(sud ekspertining familiyasi, ismi, otasining ismi) | ||||||||||||||||||||||||
20____ yil «____» ________________ dan 20____ yil «____» _______________ gacha _______________soatli | ||||||||||||||||||||||||
_________________________________________________________________________________________ ni | ||||||||||||||||||||||||
(malaka oshirish kursining nomi) (kursning nomi) |
||||||||||||||||||||||||
muvaffaqiyatli tamomladi. | ||||||||||||||||||||||||
Mazkur sertifikat sud ekspertining sud ekspertizasining ___________________________________________ turi bo‘yicha kasbiy layoqatini tasdiqlaydi. | ||||||||||||||||||||||||
Komissiya raisi ___________________ | _____________________ | |||||||||||||||||||||||
_____________________ | ||||||||||||||||||||||||
__________________ | ||||||||||||||||||||||||
(imzo) | (F.I.O.) | |||||||||||||||||||||||
(M.O‘.) | Amal qilish muddati 2 yil |
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 martdagi 180-son qaroriga
3-ILOVA
Sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat olgan shaxslarning yagona reestrini yuritish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
- Ushbu Nizom sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat olgan shaxslarning yagona reestrini yuritish tartibini belgilaydi.
- Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
sud eksperti sertifikati — muayyan sud ekspertizasi turi bo‘yicha nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertining kasbiy layoqatini tasdiqlovchi hujjat;
Yagona reestr — sud eksperti sertifikatini olgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettirilgan, doimiy yangilab turiladigan va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan yuritiladigan yagona ma’lumotlar bazasi hisoblanadi.
Yagona reestr O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Yuridik ta’lim va sud-ekspertiza faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan yuritiladi.
- Yagona reestrga nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilingan sud ekspertlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi.
- Yagona reestrga kiritilgan ma’lumot nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud eksperti kasbiy layoqatining rasmiy tasdig‘i hisoblanadi.
- Sud eksperti to‘g‘risidagi ma’lumotni Yagona reestrga kiritish uchun to‘lov undirilmaydi.
- Yagona reestr zaruratga qarab yangilanib boriladi.
2-bob. Yagona reestrni shakllantirish
- Manfaatdor shaxs Yagona reestrga kiritish haqidagi ariza bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga quyidagi hujjatlarni shaxsan yoki pochta orqali taqdim qiladi:
ariza;
pasport nusxasi;
sud eksperti sertifikatining nusxasi;
nodavlat sud-ekspertiza tashkilotiga ishga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi buyruq nusxasi.
Arizada sud eksperti ishga qabul qilingan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining nomi, manzili va telefon raqamlari ko‘rsatiladi.
- Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti rahbari sud ekspertining O‘zbekiston Respublikasi «Sud ekspertizasi to‘g‘risida»gi Qonunining 10-moddasi talablariga muvofiqligi uchun mas’ul hisoblanadi.
- Hujjatlarda kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda besh ish kuni ichida sud eksperti to‘g‘risidagi ma’lumot Yagona reestrga kiritiladi.
- Yagona reestrga ma’lumotlarni kiritish va chiqarish O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
- Hujjatlar tegishli ravishda rasmiylashtirilmagan holda taqdim etilganda yoki hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganda sud eksperti to‘g‘risidagi ma’lumotni Yagona reestrga kiritish rad etiladi.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotiga va ariza beruvchiga Yagona reestrga ma’lumot kiritilganligi yoki ma’lumot kiritish rad etilganligi to‘g‘risida yozma tarzda ma’lum qilinadi.
Yagona reestrga kiritilgan sud eksperti bilan mehnat munosabatlari tugatilgan taqdirda nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti bu haqda uch kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yozma tarzda ma’lum qilishi shart.
Sud ekspertining nodavlat sud-ekspertiza tashkilotidan ishdan bo‘shaganligi ushbu sud ekspertiga tegishli ma’lumotni Yagona reestrdan chiqarishga asos bo‘ladi.
3-bob. Yagona reestrni yuritish
- Yagona reestr ushbu Nizomga ilovaga muvofiq shaklda yuritiladi.
- Yagona reestrda sud ekspertlari to‘g‘risidagi quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
sud ekspertiga berilgan tartib raqami;
Yagona reestrga kiritilgan sana;
sud ekspertining familiyasi, ismi, otasining ismi;
sud eksperti faoliyat yuritadigan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining nomi, manzili, telefon raqami;
sud ekspertining ixtisoslashgan sud-ekspertiza turi;
sud eksperti sertifikatining rekvizitlari;
Yagona reestrdan chiqarilgan sana;
qo‘shimcha ma’lumotlar (malaka va huquqiy bilimni oshirganlik va boshqa).
- Yagona reestrdagi ma’lumotlar o‘zgargan hollarda sud eksperti uch ish kunida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga ariza bilan murojaat qilishi kerak.
Arizaga ma’lumotlar o‘zgarganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi ilova qilinadi.
Sud eksperti boshqa nodavlat sud-ekspertiza tashkilotiga ishga o‘tgan taqdirda ushbu Nizomning 7-bandida ko‘rsatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga murojaat qiladi.
Taqdim qilingan hujjatlar asosida Adliya vazirligi besh ish kunida Yagona reestrga tegishli o‘zgartirishlarni kiritadi.
- Quyidagi hollarda sud eksperti to‘g‘risidagi ma’lumotlar Yagona reestrdan chiqariladi:
Yagona reestrdan chiqarish to‘g‘risida ariza berilganda;
sud eksperti vafot etganda;
O‘zbekiston Respublikasining «Sud ekspertizasi to‘g‘risida»gi Qonuni 10-moddasida nazarda tutilgan holatlardan biri yuzaga kelganda.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
- Yagona reestr O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
- Sud eksperti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Yagona reestrga kiritish rad etilganligi yoki chiqarilganganligi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
- Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat olgan shaxslarning yagona reestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat olgan shaxslarning yagona reestri
Sud ekspertiga
berilgan tartib raqami |
Yagona reestrga kiritilgan sana | Sud ekspertining F.I.O. | Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotiga doir ma’lumot | Sud eksperti ixtisoslashgan sud ekspertizasi turlari | Sud eksperti sertifikati rekvizitlari | Yagona reestrdan chiqarilgan sana | Qo‘shimcha ma’lumotlar |
1 | 2 | 3 | 4 | 5 | 6 | 7 | 8 |