Sud-buxgalteriya ekspertizasi

      Sud-buxgalteriya ekspertizasi iqtisodiy ekspertizaning eng keng tarqalgan turlaridan biri bo‘lib, u  korxona (tashkilot), xo‘jaliklarning buxgalteriya hujjatlaridagi hisob-kitob jarayonlarini (operatsiyalarini) tahlil qilinishi, davlat, jamoa mulki talon-taroj qilinganlik va boshqa xo‘jalik, mansab jinoyatlarini ochish kabi  holatlarga ehtiyoj tug‘ilganda o‘tkaziladi.

Sud-buxgalteriya ekspertizasi ham boshqa ekspertiza turlari kabi o‘z predmeti va tadqiqot ob’ektlariga egadir.

Pul mablag‘lari, tovar moddiy zaxiralarni haqiqatda naqd bor-yo‘qligini, buxgalteriya hisobini yuritish qoidalarini buzilish holatlarini aniqlash yuzasidan buxgalteriya hisobi hujjatlarining tadqiq etish sud-buxgalteriya ekspertizasining predmeti hisoblanadi.

Sud-buxgalteriya ekspertizasining ob’ektlari bo‘lib, moddiy boyliklarni kirim-chiqim buxgalteriya hujjatlari, ro‘yxatdan o‘tkazish (inventarizatsiya) dalolatnomalari va yig‘ma hisob hujjatlari xizmat qiladi. Ular qatoriga quyidagilar kiradi:

– dastlabki hujjatlar (talabnomalar, moddiy boyliklarni berish xaqidagi naryadlar, bank topshiriqnomalari, kirim, chiqim va kassa     orderlari, mahsulotni olib chiqib ketish uchun berilgan ruxsatnomalar, transport hujjatlari, tovarni ro‘yxatdan chiqarish dalolatnomalari, tovarlarni qayta baholash, ta’mirlash ob’ektlarining hisob-kitobini olib borish dalolatnomalari, to‘lov qaydnomalari, topshiriqnomalari, kvitansiyalari va boshqalar);

– jamlash hujjatlari (hisob registrlari va ularga mansub bulgan jurnallar, aylanma qaydnomalar, hisobga olish varaqalari, bosh kitoblar, balans hisobotlari, mol-mulkni ruyxatdan o‘tkazish dalolatnomalari, tovar-pul mablag‘lari mavjudligi haqidagi ruyxat qaydnomalari, solishtirish qaydnomalari guruhlantirish qaydnomalari, jamlash va guruhlantirish jadvallari, shaxsiy hisoblar, order va boshqalar);

– avtomatlashtirilgan hisobot ma’lumotlari (magnitli axborot yig‘uvchi disk va tasmalar, mashinogramma, tabulyagrammalar, mexanizatsiyalashgan hisobga hujjatlarni topshirish va qabul qilish haqidagi jurnallar, nazorat raqamlar jurnallari va boshqalar).

 Bundan tashqari, sud-buxgalteriya ekspertizasi ob’ektlari qatoriga taftish va tekshiruv dalolatnomalari (tekshiruv uslubi asoslanganligi haqida masala qo‘yilgan taqdirda), moddiy javobgarlik yuklatilgan shaxslarning tushuntirish xatlari, yuqori turuvchi idoralarning qarorlari, qimmatbaho boyliklar bilan hapakat qilinganligi haqida ma’lumotnomalar, bildirish xatlari, ba’zi boshqa ekspertizalarning (tovarshunoslik, qurilish, texnologik, xatshunoslik ekspertizalari) xulosalari, ekspertiza qilinayotgan ob’ektga taalluqli bo‘lgan ayblanuvchilarning ko‘rsatmalari, tintuv va olib qo‘yish bayonnomalari, norasmiy olib borilgan hisob hujjatlari kiradi.

Hozirgi vaqtda sud-buxgalteriya ekspertizasi hal etishi uchun quyidagi asosiy vazifalar qo‘yilishi mumkin:

– hisobdagi pul mablag‘lari va tovar moddiy zaxiralar kamomadi yoki ortiqchaligini yashirish holatlarini aniqlash;

– hujjatli taftish davomida taftishchi tomonidan qo‘llanilgan uslublarni asoslanganligini aniqlash;

– buxgalteriya hisobini yuritish hisobotlarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar oqibatida, pul mablag‘lari va boshqa turdagi moddiy zararlar hamda tovar moddiy boyliklar kamomadi yoki ortiqchaligini kelib chiqishi, ularni yashirish holatlarini aniqlash;

  • yuqori tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan tekshirish natijalari bo‘yicha, hamda javobgar, jabrlanuvchi va guvoh ko‘rsatmalari bo‘yicha buxgalteri hisobi ma’lumotlarini tadqiq etish;
  • korxona (tashkilot) buxgalteriya hujjatlariga asosan ishlab chiqarishga chiqim qilingan material (xom-ashyolar) miqdorini hamda ularning mahsulot miqdori bo‘yicha tasdiqlangan me’yorlarga to‘g‘ri kelishini aniqlash;

– hisobotlarda aks etgan xaqiqiy holatlarni va ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash;

– iqtisodiy huquqbuzarlikning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni belgilash.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, sud-buxgalteriya ekspertizasi hal etadigan vazifalar 4 guruhga bo‘linadi.

Birinchi guruh: pul mablag‘lari va tovar moddiy boyliklarni belgilangan tartibda kirim qilinishi va hisobdan chiqarilishi (spisaniya)ni asosliligini aniqlash bilan bog‘liq bo‘lib, quyidagilarga aniqlik kiritadi:

– tovar moddiy boyliklarni aniq turlari bo‘yicha kirim qilinishini va hisobdan chiqarilishini to‘g‘riligini aniqlash;

– tovar moddiy boyliklar va xizmatlar uchun hisob-kitob jarayonlarini (operatsiyalarini) buxgalteriya hisobida aks etishining asosliligini aniqlash;

– g‘aznadagi pul mablag‘larini belgilangan tartibda kirim qilinishi, hisoblanishi, berilishi va hisobdan chiqarilishini to‘g‘riligini aniqlash.

Ikkinchi guruh: pul mablag‘lari va tovar moddiy boyliklarni haqiqatda bor-yo‘qligini aniqlaydi, ular quyidagilardir:

– kamomad (ortiqcha)ning haqiqatda bor-yo‘qligi;

– kamomad (ortiqcha)ning soni va summasi;

– kamomad (ortiqcha)ni kelib chiqqan davri;

–  moddiy zarar summasi;

– pul mablag‘lari va tovar moddiy boyliklarda kelib chiqqan kamomad (ortiqcha)ni yashirish usullari.

Uchinchi guruh: buxgalteriya hisob-kitoblarini yuritish va nazoratini tashkil etilishini to‘g‘riligini aniqlash bilan bog‘liq bo‘lib, unda quyidagilar aniqlanadi:

– buxgalteriya hisobini yuritish va hisobotlarni tuzish bo‘yicha amaldagi me’yoriy xujjatlarga amal qilinganligi va ularni buxgalteriya hujjatlarida qanday aks etganligi;

– pul mablag‘lari va tovar moddiy zaxiralar kirim qilinishi, sotilishi va hisobdan chiqarilishini hujjatli rasmiylashtirilishini to‘g‘riligi;

– korxonada buxgalteriya hisobi va nazoratini yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi oqibatida kamomad (ortiqcha)ni, moddiy zararni kelib chiqish sabablari;

– pul mablag‘lari va tovar moddiy zaxiralar kamomadi (ortiqchaligi)ni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan hujjatli taftishda taftishchi tomonidan qo‘llanilgan uslublarni to‘g‘riligi.

To‘rtinchi guruh: vazifasi hisob va nazoratni yuritish qoidalariga javobgar, javobgarligida pul mablag‘lari va tovar moddiy boyliklari bo‘lgan shaxslar doirasini aniqlash bo‘lib, quyidagilar oydinlashtiriladi:

– hujjatli ma’lumotlar asosida kamomad paydo bo‘lgan davrda, javobgarligidagi pul mablag‘larni  va tovar-moddiy zaxiralarni asossiz hisobdan chiqargan shaxslar doirasini aniqlash;

– aniqlangan buxgalteriya hisobi va nazorati talablari bajarilishini ta’minlovchi mansabdor shaxslar doirasini aniqlash.

Матнда хато топсангиз, уни белгилаб Ctrl+Enter тугмаларини биргаликда босинг .