Savol va javoblar

Fuqarolarning xususiy murojaatlari bo‘yicha sud ekspertiza o‘tkazish mumkinmi?

Prosessual qonunchilikka muvofiq (O‘zR JPKning 180-m.) sud ekspertiza o‘tkazish uchun tergovchining qarori yoki sudning ajrimi asos bo‘la oladi. Shuning uchun fuqarolarning xususiy murojaatlari bo‘yicha sud ekspertiza o‘tkazilmaydi.

Sud ekspertizasi deganda nima tushuniladi?

Sud ekspertizasi bu fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma’muriy sud ishlarini yuritishda ish holatlarini aniqlashga qaratilgan hamda sud eksperti tomonidan fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlar asosida sud-ekspert tekshirishlarini o‘tkazish va xulosa berishdan iborat bo‘lgan protsessual harakat.

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonuni 3-moddasi)

Sud eksperti kim?

Sud eksperti bu xulosa berish uchun fan, texnika, san’at yoki hunar sohasida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan, belgilangan tartibda sud eksperti sifatida tayinlangan jismoniy shaxs

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonuni 3-moddasi)

Davlat sud eksperti kim?

Davlat sud eksperti bu  davlat sud-ekspertiza muassasasining o‘z xizmat vazifalarini bajarish tartibida sud ekspertizasini o‘tkazuvchi sud eksperti

Sud ekspertining xulosasi qanday hujjat?

Sud ekspertining xulosasi (xulosa) — sud eksperti yoki sud ekspertlari komissiyasi tomonidan tuziladigan va sud-ekspert tekshirishlarining olib borilishini va natijalarini aks ettiradigan yozma hujjat.

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonuni 3-moddasi)

Sud-ekspertlik faoliyatining asosiy prinsiplari nimadan iborat?

Qonuniylik, inson huquq va erkinliklariga rioya etilishi, sud ekspertining mustaqilligi, sud-ekspert tekshirishlarining xolisligi, har tomonlamaligi va to‘liqligi sud-ekspertlik faoliyatining asosiy prinsiplaridir.

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonuni 4-moddasi)

Sud eksperti sifatida kimlar ishtirok etishi mumkin?

Sud eksperti sifatida davlat sud eksperti, boshqa tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs ishtirok etishi mumkin.

Boshqa tashkilot xodimi sud ekspertizasini uni tayinlagan organ (shaxs) tomonidan mazkur tashkilotga berilgan topshiriqni bajarish tartibida o‘tkazadi.

Fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat (shu jumladan, tergovga qadar tekshiruv materiallari) ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishda sud eksperti sifatida ishtirok etish uchun jalb etilgan boshqa jismoniy shaxs biron-bir davlat sud-ekspertiza muassasasi shtatida turmaydi va sud ekspertizasini uni tayinlagan organning (shaxsning) topshirig‘ini bajarish tartibida o‘tkazadi.

Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar sud eksperti sifatida jalb etilishi mumkin emas. Shaxsning sud eksperti sifatida ishtirok etishini istisno etadigan boshqa holatlar protsessual qonunda nazarda tutiladi.

Sud ekspertizasini o‘tkazishga nimalar asos xisoblanadi?

O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 17-moddasiga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudyaning qarori, sudning ajrimi sud ekspertizasini o‘tkazish asoslaridir.

Sud ekspertizasi qachondan boshlab tayinlangan deb hisoblanadi?

Sud ekspertizasi tegishli qaror yoki ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran tayinlangan hisoblanadi.

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 17-moddasi)

Sud ekspertizasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik bormi?

Sud ekspertizasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 31-moddasi)

Sud-fonografiya ekspertizasi qanday axamiyatga ega?

Poraxo‘rlik, korrupsiya, reket, ta’magirlik, terrorizm kabi jinoyatlarni fosh etishda sud fonografiya ekspertizasi muhim ahamiyatga ega.

Sud eksperti o‘z faoliyati bo‘yicha mustaqilmi?

O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 7 moddasiga ko‘ra, sud eksperti sud ekspertizasini o‘tkazishda sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan), taraflardan va ishning natijasidan manfaatdor bo‘lgan boshqa shaxslardan mustaqildir.

Sud eksperti o‘zining fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlariga (bundan buyon matnda maxsus bilimlar deb yuritiladi) muvofiq o‘tkazilgan tekshirishlar natijalariga asoslanib xulosa beradi.

Sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs), shuningdek boshqa davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan taraflardan birortasining yoki ishning natijasidan manfaatdor bo‘lgan boshqa shaxslarning foydasini ko‘zlab xulosa olish maqsadida sud ekspertiga ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Sud ekspertiga qanday malakaga oid talablar mavjud?

O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 11 moddasiga ko‘ra, Davlat sud eksperti lavozimini oliy ma’lumotga, alohida hollarda esa o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lgan, muayyan sud-ekspert ixtisosligi bo‘yicha keyingi tayyorgarlikdan o‘tgan va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda davlat sud eksperti sifatida attestatsiyadan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi egallashi mumkin.

Sud eksperti sifatida jalb etiladigan boshqa tashkilot xodimi va boshqa jismoniy shaxs oliy ma’lumotga, alohida hollarda esa o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lishi lozim.

Davlat sud-ekspertiza muassasasi deganda nimani tushunamiz?

Sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirish uchun tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan muassasa davlat sud-ekspertiza muassasasidir. Sud-ekspertlik faoliyati tegishli davlat organlarining ekspertiza bo‘linmalari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin. Sud ekspertizasini o‘tkazish mazkur ekspertiza bo‘linmalariga topshirilgan hollarda, ular davlat sud-ekspertiza muassasalari kabi vazifalarni amalga oshiradi, huquqlarga ega bo‘ladi, majburiyatlarni bajaradi va javobgar bo‘ladi.

Ayni bir xil ixtisoslikdagi davlat sud-ekspertiza muassasalarida sud ekspertizasini tashkil etish, o‘tkazish, davlat sud ekspertlarini kasbiy tayyorlash va ixtisoslashtirish sud-ekspertlik amaliyotiga yagona ilmiy-uslubiy yondashuv asosida amalga oshiriladi.

Davlat sud-ekspertiza muassasasida sud ekspertizalari, bu muassasa qaysi davlat organi ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha davlat organi tomonidan aniqlanadigan, u uchun belgilangan xizmat ko‘rsatish mintaqalariga muvofiq o‘tkaziladi.

Sud ekspertizasini tayinlagan va davlat sud-ekspertiza muassasasining xizmat ko‘rsatish mintaqasidan tashqarida joylashgan organlar (shaxslar) uchun sud ekspertizasi, istisno tariqasida, ushbu muassasa tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq o‘tkazilishi mumkin.

Davlat sud-ekspertiza muassasalari qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etiladi, qayta tashkil etiladi va tugatiladi.

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonuni 12-moddasi)

Qo‘shimcha va qayta ekspertiza nima uchun tayinlanadi va qanday o‘tkaziladi?

O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 18-moddasiga ko‘ra, qo‘shimcha sud ekspertizasi xulosadagi bo‘shliqlarning o‘rnini to‘ldirish uchun tayinlanadi va shu yoki boshqa sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) tomonidan o‘tkaziladi.

Xulosa asoslantirilmaganda yoki uning to‘g‘riligiga shubha tug‘ilganda yoxud unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda yoki sud ekspertizasini o‘tkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilganda qayta sud ekspertizasi tayinlanadi.

Qayta sud ekspertizasi tayinlanganda sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) oldiga ilgari qo‘llanilgan tekshirish usullarining ilmiy asoslanganligi to‘g‘risidagi masala qo‘yilishi mumkin.

Qayta sud ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda qayta sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) birinchi (oldingi) sud ekspertizasi xulosasiga qo‘shilmaganligi sabablari ko‘rsatilishi lozim.

Qayta sud ekspertizasini o‘tkazish boshqa sud ekspertiga (sud ekspertlari komissiyasiga) topshiriladi. Birinchi (oldingi) sud ekspertizasini o‘tkazgan sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) qayta sud ekspertizasini o‘tkazishda hozir bo‘lishi va tushuntirishlar berishi mumkin, lekin u tekshirish o‘tkazish va xulosa tuzishda ishtirok etmaydi.

Sud-fonografiya ekspertizasini maqsadi nimalardan iborat?

Tadqiq qilinuvchi fonogramma yozib olingan asbob-uskuna, magnit  tasmasi, kompakt disklar, diktofonga yozilgan suhbat (fonogramma)ni tekshirish, suhbat mazmuni, ishtirok etgan shaxslar soni, jinsi, suhbat sharoitlari va boshqalarni aniqlashga qaratilgan.

Sud fonografiya ekspertizasining ob’ektlariga nimalar kiradi?

–  Magnit tasmaga yozilgan fonogramma

–  fonogrammaning stenogrammasi ya’ni suhbatning  so‘zma so‘z bayoni

– ovoz yozish moslamasi  (magnitofon, diktofon, raqamli diktofon, kompakt disk va boshqalar)

-magnit tasma (audokasseta, videokasseta, mikrokasseta, mikrochip, kompakt disk)

Qanday hollarda xulosa berishning imkoni bo‘lmaydi.

Agar sud eksperti qo‘yilgan savollarni uning maxsus bilimlari asosida hal qilish mumkin bo‘lmasligiga yoki unga taqdim etilgan tekshirish ob’ektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligiga yoki xulosa berish uchun yetarli emasligiga va ularni to‘ldirib bo‘lmasligiga yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qo‘yilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risida asoslantirilgan hujjat tuzadi hamda uni sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yuboradi.

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 24-moddasi)

Sud ekspertlik faoliyatning moliyalashtirish tartibi qanday?

Davlat sud-ekspertiza muassasalari faoliyati O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Davlat sud-ekspertiza muassasalari fuqarolik ishlari va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud ekspertizalarini o‘tkazganlik uchun to‘lov undirishga haqlidir. Bunda sudda da’vo taqdim etgan hamda da’voni quvvatlayotgan davlat organlari davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan o‘tkazilgan sud ekspertizalari uchun to‘lovdan ozod etiladi. To‘lov miqdori va mazkur mablag‘larni sarflash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

Boshqa tashkilot xodimlari va boshqa jismoniy shaxslar tomonidan sud ekspertizalari o‘tkazilganligi uchun to‘lov sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 25-moddasi)

Davlat sud-ekspertiza muassasalarining faoliyatini tashkiliy va ilmiy-uslubiy ta’minlash kim tomonidan amalga oshiriladi?

Davlat sud-ekspertiza muassasalarining faoliyatini tashkiliy ta’minlash, ular qaysi davlat organlari tasarrufida bo‘lsa, o‘sha davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Sud ekspertizalarini o‘tkazishni ilmiy-uslubiy ta’minlash tegishli davlat sud-ekspertiza muassasalariga yuklatiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi davlat sud-ekspertiza muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirishni va unga ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi.

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 26-moddasi)

Davlat sud-ekspertiza muassasalarining sud-ekspertlik faoliyatini axborot bilan ta’minlash vanday amalga oshiriladi?

O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 27-moddasi ko‘ra, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar davlat sud-ekspertiza muassasasi rahbarining yozma so‘roviga ko‘ra sud ekspertizasini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan axborotni taqdim etishi shart. Bunda davlat sud-ekspertiza muassasalari davlat sirlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi olingan ma’lumotlarning oshkor qilinmasligini ta’minlaydi.

DNK ekspertizasi bajarilish muddatlari qancha?

“O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining sud ekspertiza muassasalarida sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaning (2011 yil 02 mart, ro‘yxat raqami 2202) 12-bandlariga muvofiq: Sud ekspertizasini o‘tkazish muddatlari sud ekspertizasining murakkabligi va xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘ttiz kun doirasida belgilanadi.

Ekspertiza muassasasi rahbari, uning o‘rinbosari, laboratoriya, bo‘lim va bo‘linma boshlig‘i tomonidan sud ekspertizasining hajmi va murakkabligiga, shuningdek, sud ekspertining ish hajmiga qarab:

kam ob’ektli va murakkab bo‘lmagan tekshiruv o‘tkazishga doir materiallar bo‘yicha o‘n kungacha;

ko‘p ob’ektli yoki murakkab tekshiruvlar o‘tkazishga doir materiallar bo‘yicha yigirma kungacha;

ko‘p ob’ektli va murakkab tekshiruvlar o‘tkazishga doir materiallar bo‘yicha o‘ttiz kungacha bo‘lgan muddatlarni belgilashi mumkin.

Sud ekspertizasini o‘tkazishni o‘ttiz kun mobaynida bajarish mumkin bo‘lmagan taqdirda ekspertiza muassasasi rahbari muddat o‘tishidan uch kun oldin asoslangan xulosa tuzadi va bu to‘g‘rida sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yozma ravishda xabar qiladi hamda ular bilan kelishgan holda qo‘shimcha muddatni belgilaydi.

Agar sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) bilan kelishgan holda sud ekspertizasini o‘tkazish uchun qo‘shimcha muddatni belgilashning imkoni bo‘lmasa, sud ekspertizasi o‘tkazilmasligi sabablari ko‘rsatilib, materiallar sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) qaytariladi.

Sud fonografiya ekspertizasi qanday masalalarni xal qiladi

Tergov va sud tomonidan tayinlangan ekspertizalar bo‘yicha identifikatsion, diagnostik va klassifikatsion masalalarni xal qiladilar

DNK ekspertizasi tekshiruv ob’ektlari nimalar?

O‘z tarkibida DNK molekulalarini saqlaydigan har qanday odam biologik materiallari,  jumladan qotillik sodir etilgandagi biologik materiallar tashuvchilar:

  • Voqea joyidagi qon izlari;
  • qon va tana ajratmalarining qurib qolgan izlari;
  • Ashyoviy dalildagi biologik izlar (qon, so‘lak, ter-yog‘ izlari), ya’ni sigaret qoldiqlari; voqea joida qoldirib ketilgan kiyim kechaklar, jumladan kepka, niqoblar; stakan; bakalajkalar;
  • qotillik qurollaridagi biologik izlar (qon, ter-yog‘ izlari), ya’ni pichoq, arqon, stol, stul, turli temir buyumlar, shisha idishlar, toshlar kabi qotillik qurollari sifatida foydalanilgan barcha narsalardagi qon va ter-yog‘ qoldiqlari;
  • voqea joyidan topilgan soch tolalari;
  • bo‘laklangan tana qoldiqlari;
  • murda ob’ektlari;
  • yumshoq to‘qimalar;
  • tishlar;
  • suyak fragmentlari.

Nomusga tegish ishlarida:

  • o‘zida maniy qoldiqlarini saqlovchi turli kiyimlar, ichki kiyimlar, yopinchiqlar, yostiqlar, surtmalar va boshqalar.
  • Abort materiallar

Матнда хато топсангиз, уни белгилаб Ctrl+Enter тугмаларини биргаликда босинг .