Qozog‘iston Respublikasi Adliya vazirligining Sud ekspertiza markazi vakillarining stajirovkasi tashkil etildi.

Joriy yilning 27-avgust kuni Qozog‘iston Respublikasi Adliya vazirligining Sud ekspertiza markazi so‘roviga ko‘ra, Qozog‘iston Respublikasi Adliya vazirligining Sud ekspertiza markazi Oqtobe Hududlararo sud ekspertiza markazi Sud-biologik va sud molekular genetik tadqiqotlar xizmati rahbari Rita Dulatovna Nurtigenova hamda Markaziy hudud bo‘yicha Hududlararo sud ekspertiza markazining yetakchi eksperti Aygul Temirbolatovna Seysenovalarning stajirovkasi Markazning Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi bazasida tashkillashtirildi.

Stajirovkadan avval o‘tkazilgan uchrashuvda Markaz direktori o‘rinbosari U.Uzakov tomonidan Qozog‘iston Sud ekspertiza markazi vakillariga O‘zbekistonda sud ekspertiza sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan natijalar haqida tushuntirish berilib, ikki sud ekspertiza muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Shuningdek, Markazning muzeyi hamda Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi imkoniyatlari bilan tanishtirilib, delegatsiya vakillari uchun zamonaviy asbob-uskunalar va reagent to‘plamlarini validatsiya jarayoni hamda tadqiqotlarning yakuniy natijalarini tahlil qiish bo‘yicha o‘quv-seminar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, genetik tadqiqotlarni olib borish va yangi innovatsion texnologiyalar bilan ishlash bo‘yicha Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi ekspertlari tomonidan delegatsiya vakillari uchun master-klass tashkil etildi.

Qozog‘iston Respublikasi Adliya vazirligining Sud ekspertiza markazi vakillarining stajirovkasi do‘stona, ochiq, konstruktiv va ishchanlik ruhda o‘tdi.

Skip to content