Bugun Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Faxriylar doim e’zozda” mavzusida uch avlod uchrashuvi tashkil etildi.
Mazkur tadbirga sud ekspertiza sohasida koʻp yillar samarali mehnat qilgan faxriylar taklif qilindi.
Tadbirda Markaz direktori A.Xalilov tomonidan so’nggi yillarda sud ekspertiza sohasida amalga oshirilgan islohotlar alohida ta’kidlanib o’tildi. Shuningdek markaz xodimlari tomonidan tadbir ishtirokchilari samimiy qutlab, ushbu uchrashuvning ahamiyati, mamlakatimizda keksa avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularni sog‘lomlashtirish ishlarini samarali tashkil etish, ijtimoiy hayotdagi faolliklarini oshirish borasida qator ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlab, bayram bilan tabriklandi.
Bugungi tadbirda sud ekspertiza sohasining yetuk mutaxassislari ishtiroki ulkan faxr tuyg‘ularini uyg‘otib, ustozlardan olgan bilim-tajribalar va sud ekspertiza kasbi qadriyatlariga sadoqatni yosh avlodga, shogirdlarga yetkazish lozimligi, ustoz-shogird an’analarini uyg‘unlashtirish, keksalarning boy tajribasini yosh avlodga ulashish esa milliy kadrlar tayyorlashning ajralmas qismiligi ta’kidlandi.
Markaz faxriylari so‘zga chiqib, yig‘ilganlarga o‘zlarining hayot yo‘llari, tajribalari, yoshlarga sud ekspertiza kasbini puxta egallash borasida o‘z maslahatlarini berishdi.
Faxriylarga Markaz tomonidan esdalik sovg‘alari taqdim qilinib, xodimlar tomonidan ularning sha’niga iliq tilaklar aytib o‘tildi.