SUD-EKSPERTLIK FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISHNING AYRIM YO‘NALISHLARI

       Maqola sud ekspertizasini rivojlantirish, turli davlatlar sud ekspertiza muassasalarining o‘zaro hamkorlik asoslari, sud ekspertlarining kasbiy tayyorgarligi darajasini oshirish, moddiy-texnik va ilmiy-uslubiy ta’minotini yanada yaxshilash masalalariga bag‘ishlangan. 

Tayanch so‘zlar: sud ekspertizasi, odil sudlov, sud ekspertlarini qayta tayyorlash, sud ekspertiza muassasalarining kadrlar salohiyati, xalqaro hamkorlik.

       O‘zbekiston Respublikasi sud-ekspertlik faoliyatini takomillashtirish masalalari bo‘yicha fikr yuritganda, sud ekspertlarining kasbiy tayyorgarligini yuksaltirish yo‘li bilan odil sudlovni sud-ekspertlik ta’minotini samaradorligini oshirish yo‘nalishi muhim ahamiyat kab etadi. Shu boisdan ham, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi “Sud ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2145-son qarorida, sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida «sud ekspertiza muassasalarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash” deb belgilab qo‘yilgan. Yuqoridagi yo‘nalish o‘ziga quyidagilarni qamrab oladi:

  1. Sud ekspertiza muassasalarini xalqaro hamkorlikda samarali ishtrokini ta’minlash;
  2. Turli ishlarni (jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy va h.k.) ko‘rishda maxsus bilimlardan foydalanishning amaliy va uslubiy shakllarini ta’minlash;
  3. Sud ekspertlarining kasbiy tayyorgarlik darajasini yuksaltirish va sud-ekspertlik faoliyatini takomillashtirish maqsadida, odil sudlovda maxsus bilimlarni qo‘llash bo‘yicha ilg‘or xorij tajribasini o‘rganish;
  4. Sud ekspertiza muassasalarida mavjud ekspertiza uslubiyotini takomillashtirish va yangi uslublarni yaratish;
  5. Sud ekspertlarining kasbiy tayyorgarligini yuksaltirish, ekspertiza tadqiqotlarining moddiy-texnik va ilmiy-uslubiy bazasini yaxshilash yo‘li bilan, odil sudlovni sud-ekspertlik ta’minoti samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish;
  6. Yangi zamonaviy innovatsion texnologiyalarni o‘rganish, amaliy faoliyatga yangi turdagi ekspertiza tadqiqotlarini joriy qilish;
  7. Sud ekspertiza muassasalarini yuqori malakali mutaxassis-kadrlar bilan jamlash.

Hozirgi kunda huquqni muhofza qiluvchi organlar amaliy faoliyatidagi ehtiyojlardan kelib chiqib, Shanxay Hamkorlik tashkiloti (ShHT) a’zolari bo‘lgan davlatlar bilan sud-ekspertlik faoliyati bo‘yicha xalqaro hamkorlik va ikki tomonlama o‘zaro amaliy yordam ko‘rsatish yo‘nalishida ish olib borish ustuvor hisoblanadi. Bu borada bir qator ishlar boshlab yuborilgan, jumladan ushbu davlatlar Adliya vazirliklari o‘rtasida shartnomalar mavjud, shuningdek 2018 yil 24 avgustda Qirg‘iziston Respublikasi Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tgan “Shanxay Hamkorlik tashkiloti” a’zo-davlatlari Adliya vazirlarining Yig‘ilishda “Sud-ekspertlik faoliyati bo‘yicha 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan tadbirlar Rejasi” tasdiqlangan.

Yuqoridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida, “Shanxay Hamkrlik tashkiloti” a’zo-davlatlari sud ekspertiza muassasalari mutaxassislari tomonidan hamkorlikda ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish hamda ekspert xulosalarini a’zo-davlatlar tomonidan bir xilda tan olinishi tizimi taklif etiladi.

Xalqaro hamkorlik bo‘yicha fikr yuritilganda, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining ShHT a’zo-davlatlari hamkorlgi doirasida – Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston Respublikasi, Belarusiya Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi va boshqa bir qator davlatlar, jumladan Ukrania, AQSh, Gruziya, Lita Respublikasi kabilar bilan o‘zaro hamkorligi alohida e’tiborga loyiq. Bunday hamkorlik doirasidagi tadbirlar jarayonida, Markaz sud ekspertizalarni tashkil qilish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyatida bu davlatlarning ilg‘or yutuqlaridan ham keng foydalanmoqda.

Sud-ekspertlik faoliyatining zamonaviy xalqaro rivojlanishi turli davlatlar sud ekspertiza muassasalarining ikki tomonlama manfaatli hamkorligi, huquqiy yordami, sud ekspertlarining kasbiy mahorati va tayyorgarligini yuksaltirish, o‘zaro tajriba almashish, sud-ekspertlik faoliyatini moddiy-texnik hamdailmiy-uslubiy ta’minotini yaxshilash, sohadagi yangiliklarga oid axborot almashish bilan uzviy bog‘liqdir. Masalan, hozirgi kunda Juda ko‘plab davlatlarida, isbotlov jarayonida poligrafdan foydalanish amaliyoti keng joriy qilingan, turli jinoyat ishlarini tergov qilishda ekspertizaning o‘ziga xos turi – psixo-fiziologik ekspertizaning imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda. ta’kidlash joizki, tez kunda ushbu turdagi ekspertizaga bo‘lgan qiziqish va ehtiyoj ortib ketadi. Shu sababli, Markazda ham poligraf yordamidagi sud-psixologik (psixo-fiziologik) ekspertizalarni amaliyotga tatbiq etish ishlari boshlab yuborilgan.

Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sud ekspertiza muassasalari zamon bilan hamqadam yurishga, fan va texnikaning muhim yangiliklarini tezkorlik bilan amaliyotga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqdalar. Rivojlangan davlatlarda, kriminalistik texnikaning progressiv rivojlanishi va identifikatsiya sohasidagi yangi texnologiyalarni muntazam ravishda amaliyotga joriy qilish uchun bu huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sud ekspertiza muassaslari faoliyati davlat tomonidan moddiy ta’minlanadi.

Oxirgi yillarda O‘zbekiston Respublikasida ham sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirishga alohida e’tibr qaratilmoqda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi “Sud ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4125-son qarori bilan ilmiy-tadqiqotlar natijalarini sud-ekspertlik faoliyatiga tatbiq etish, sud ekspertizalarini o‘tkazish uslubiyotini takomillashtirish, davlat sud-ekspertiza muassasalarning kadrlar saohiyatini mustahkamlash sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi, bu vazifalarni samarali bajarish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy ta’lim muasasalari Markazning tegishli bo‘lim va laboratoriyalariga biriktirildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Markazga malakali mutaxassislar orasidan sud ekspertlarini tanlab olishda ko‘maklashishlari belgilab qo‘yildi.

Yuqoridagilardan tashqari, Respublikamiz ekspertiza tadqiqotlari uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha jaxon andozalariga mos darajaga ko‘tarilishi lozim, buning uchun esa tegishli o‘quv muassasalarining faoliyat yuritishi talab etiladi. Shu boisdan, yuqorida ta’kidlangan Qaror bilan davlat muassasalariga nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining sud ekspertlari qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘tashlaini tashkil qilish vazifasi yuklatildi. Ushbu vazifani samarali ijro qilish uchun Qarorda ko‘rsatilgan davlat muassasalari sud ekspertlarini qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv jarayonlarini tashkil etishlari lozim bo‘ladi va natijada tegishli tuzilmaga ega bo‘lgan o‘quv muassasalari tashkil etiladi.

Ta’kidlash joizki, sud ekspertiza tadqiqotlarini yuqori texnik va texnologik ta’minoti, ilmiy-texnik taraqqiyotning ilg‘or yutuqlaridan samarali foydalanish, Respublikamiz va xorijiy davlatlarning fizika, kimyo, biologiya, matematika va boshqa fanlar sohalari olimlarini bu faoliyatga qiziqtirish va jalb etish – sud-ekspertlik faoliyati sohasidagi ilmiy-tadqiqotlarning istiqbolli yo‘nalishlarini yanada rivojlantirishga, sud ekspertiza muassasalarining kadrlar salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Xalqaro hamkorlik va jamoatchilik bilan
aloqalar bo‘limi boshlig‘i
S.Saidxodjaev