Tovarshunoslik ekspertizasi va tovarlarni tahlil qilish turlari

       Tovarshunoslik ekspertizasi-tovarshunoslik sohasida kasbiy va ish tajribasiga ega bo‘lgan ekspert tomonidan amalga oshiriladi.

Tovarshunoslik ekspertizasining mazmuni mahsulotlarning haqiqiy sifatini aniqlash uchun maxsus bilimlar vositasida ularning tovar (iste’mol) xususiyatlarini aniqlashdan iborat. Ishning aniq holatlarini aniqlash tovarshunos ekspertning imkoniyatlari hamda vakolatlari chegarasini belgilab beradi.

Tovarshunoslik ilmiy sohasida keltirilgan nazariy va uslubiy asoslar ob’ektning holatini uning iste’mol (tovar) xususiyatlari hamda sifatini o‘rganishni, shuningdek, atrof-muhit bilan o‘zaro aloqaga kirishish natijasida tovarning xususiyatlarida o‘zgarishlar paydo bo‘lgan aniq sharoitlarni o‘rganishni nazarda tutadi va tovarlarni tahlil qilish turlari quyidagilarga bo‘linadi.

– sifat tahlili;

– miqdoriy tahlil;

– assortiment tahlili;

– hujjatli tahlil;

– kompleks (murakkab) tahlil.

       Sifat tahlili- tovarning sifat xususiyatlarini ularning me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash uchun baholashni ta’minlaydi.

      Tovarlarni yetkazib berish va qabul qilishda, ularni uzoq muddatli saqlashdan keyin va boshqa holatlarda ushbu turdagi tahlil qo‘llaniladi.

      Miqdoriy tahlil tovarning miqdoriy xususiyatlarini baholashni o‘z ichiga oladi. Tahlilning bu turidan tovarlar miqdori bo‘yicha qabul qilishda, shuningdek, tovarlarning miqdoriy yo‘qotishlari va ularning kelib chiqish sabablarini aniqlashda foydalaniladi.

       Assortiment tahlili- ekspertning tovar miqdori va sifat xususiyatlarini uning assortimentini aniqlash uchun baholashdan iborat.

      Ko‘pincha, bu tahlil sifatli tahlilning ajralmas qismi sifatida baholanadi, chunki sifatni baholashda mutaxassis tovarni aniqlash kerak, ya’ni taqdim etilgan tovarning tovar belgisi, markirovka va kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilgan mahsulotning tovar belgisiga muvofiqligini tekshirish. Ushbu tahlil turi yetkazib beruvchilar va xaridorlar, sotuvchi va iste’molchi o‘rtasida ma’lum guruhga mansub mahsulot assortimenti masalalari bo‘yicha kelishmovchiliklar bo‘lganda amalga oshiriladi.

        Hujjatli tahlil-ekspertning tovar-tadqiqot xususiyatlarini kuzatuv, texnologik va boshqa hujjatlardagi ma’lumotlarga asoslangan holda baholashdan iborat.

Ushbu tahlil turi yuqorida sanab o‘tilgan boshqa tahlil turlarining majburiy elementi hisoblanadi, chunki ekspert tovarlarning miqdori va sifati, tekshiruv ob’ektining nomi bilan bog‘liq hujjatlarda ko‘rsatilgan ma’lumotlarning  (fakturalar, sifat sertifikatlari, operatsion hujjatlar va boshqalar) muvofiqligini tekshiradi.

         Kompleks tahlil-ekspert tomonidan tovarlarning barcha xususiyatlarini ularning sinovlari va hujjatlarni tahlil qilish asosida baholashdan iborat.     Tahlilning bu turi sotuvchi, iste’molchi pozitsiyalarini, shuningdek, mavjud bozor sharoitlarini hisobga olgan holda tovarlarni har tomonlama baholash zarur bo‘lganda qo‘llaniladi. Kompleks tahlilni amalga oshirishda, mutaxassis tovar, narx, bozor, raqobatbardosh muhit va marketingning boshqa elementlari bo‘yicha marketing tadqiqotlariga ega bo‘lishi kerak.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi

Tovarshunoslik ekspertizasi eksperti                                       A.F.Bo‘riev