Sud-tuproqshunoslik ekspertizasi

Sud  tuproqshunoslik ekspertizasi

 

Qotillik, tan jarohatini yetkazish, zo‘rlab nomusga tegish, talonchilik, yo‘l-transport hodisalari singari jinoiy ishlarni tergov qilishda poyafzal, kiyim, transport vositalari qismlari va h.k. kabi har xil buyumlardagi tuproq qoldiqlari ko‘p uchraydigan ashyoviy dalillar jumlasiga kiradi.

Qonunbuzarlar har xil to‘siqlardan o‘tganda, yerda harakat qilganda va muayyan joylarda bo‘lganida ust-kiyim, poyafzal, jinoyat sodir qilish qurollari, uy-ro‘zg‘or buyumlarida, transport vositalarining qismlarida tuproq zarralari qoladi.

Tuproq qismlarining kriminalistik tadqiqoti natijalari asosida kishining yoki buyumning, atrof-muhitning muayyan qismida bo‘lganligi faktini aniqlash imkoniyati ushbu ekspertizaning daliliy mohiyatini tashkil qiladi.

Tergovchi yoki sud tarafidan joyning belgilab berilgan qismi, ya’ni u yoki bu voqea sodir bo‘lgan hudud sud tuproqshunoslik ekspertizasining ob’ekti hisoblanadi. Dala, poliz, bog‘, yo‘lning bir qismi, shu kabi ochiq joy yoki usti yopiq yerning bir qismi (saroy, garaj, yerto‘la, chordoq va h.k. kabi usti sun’iy yopilgan binolar) bu ob’ektlar jumlasiga kiradi.

Ekspert oldiga sud tuproqshunoslik ekspertizasi tayinlanganda, quyidagi savollarni qo‘yish maqsadga muvofiq:

Taqdim etilgan ob’ektlarda birorta begona qatlamlar bormi, agar bo‘lsa ular tuproq emasmi?

Tuproq qoldiqlari ob’ektning qaysi qismida joylashgan?

Taqdim etilgan ob’ektlardagi tuproq moddalari va voqea sodir bo‘lgan yerdan olingan tuproq namunalari umumiy turkum va guruhga taalluqlikmi?

Taqdim etilgan ob’ektlardagi tuproq joyning muayyan qismiga (yerning ma’lum qismi, uning o‘lchamlari va chegarasi belgilab beriladi) taalluqlimi?

Qatlamlarning hosil bo‘lish mexanizmiga, ob’ektlarni saqlash sh sharoitlariga va h.k.larga  oid qo‘shimcha, savollar qo‘yilishi mumkin:

– ob’ekt muayyan joy yoki boshqa predmet bilan o‘zaro aloqada (kontaktda) bo‘lganligi;

– ob’ektda tuproq qoldiqlari xosil bo‘lish mexanizmini belgilash;

– ob’ektda tuproq qoldiqlari xosil bo‘lgan vaqtini aniqlash;

– ob’ektdagi tuproq qoldiqlari qaysi xududga tegishli ekanligini belgilash;

– muayyan joy tuprog‘iga xos bo‘lmagan qattiq jismlarni topish.

Tuproqning yoki  uning  kimyoviy  tarkibining “o‘xshashligi”,  “bir xilligi”  yoki  “aynanligi”ni  aniqlashga oid savollar qo‘yish tavsiya etilmaydi, sababi bu sud-tuproqshunoslik ekspertizasining vazifalarini to‘la hal etmaydi.

Ob’ektlarda tuproq qatlamlari bor (yo‘q) ligini aniqlash masalasi faqat ekspertlar ixtiyoriga 10 mg.dan kam bo‘lmagan tekshirilayotgan modda taqdim etilgandagina hal etilishi mumkin. Ekspertiza tayinlashda shuni albatta yodda tutish kerak.

Ekspertga tuproq qoldiqlarining turkumiy (guruhiy) taalluqligini aniqlash uchun kamida 0,5-1 g. modda taqdim etish kerak.

Jinoyat sodir etilganligi ma’lum bo‘lishi bilan ekspertiza tayinlanish mumkinligini taxmin qilib, darhol qiyosiy tadqiqot uchun voqea sodir bo‘lgan joyning tegishli qismidan tuproq namunalari olinishi lozim. Shuningdek unga chegaradosh yerlardan tekshiruv (kontrol-nazorat) namunalari olinishi kerak. Tuproq namunalari voqea sodir bo‘lgan joy dastlabki ko‘zdan kechirgan vaqtdayoq olinishi lozim, chunki vaqt o‘tishi bilan tuproqning o‘zgarishi ehtimoldan holi emas. Voqea sodir bo‘lgan joydan tuproq namunalari u bilan tutashib turgan jismning tegishli qismi botib turgan chuqurlikkacha bo‘lgan yeridan qirib olinadi.

Ob’ektlarning tutashib, o‘zaro ta’sirlashgan yerlarining yuzasi katta bo‘lsa, u holda shu yuzadaning turli qismlaridan olingan bir necha namunalar yoki bir necha nuqtalardan olingan namunalarni aralashtirib, bir dona aralash namuna olinadi. Voqea joyidan, ayniqsa bu yerning tuproq sathi tarkibi bir hil bo‘lmagan hollarda, odatda bir nechta namuna oli­nadi. Namunalarni olishda kichikrok belkurak, hokandoz yoki tig‘i keng pichoq ishlatiladi.  Namunalarning og‘irligi 100-200 g. bo‘lishi kerak.

Yaqin-atrof hududidan voqea sodir bo‘lgan joyni ajratish maqsadida nazorat namunalari voqea joyi chegarasidan tashqaridagi yerlardan olinadi, bunda nazorat namunalarining soni 3-5 tadan bo‘lib, ularni olib qo‘yish qiyosiy namunalar kabi rasmiylashtiriladi. Voqea joyini ko‘zdan kechirish va tuproq namunalarini qarorda ko‘rsatilgan hududdan mutaxassis ishtirokida olish maqsadga muvofiqdir.

Har bir muayyan holatda voqea joyidan tuproq namunalarini olish ma’lum sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.

  1. Voqea joyi – yer yuzining ochiq sathi (o‘rmon, dala, hovli, poliz) bo‘lganda tuproq namuna (2ta )lari to‘g‘ridan-to‘g‘ri bevosita shu nuqtadan (masalan, murda topilgan joydan) va undan 5-10 m. masofadan (4ta) olinishi kerak. Voqea joyidan 50-100 m masofadan nazorat namunalari olinadi.
  2. Voqea joyi – jar, o‘ra bo‘lganda, tuproq namunalari jar (o‘ra) tubidan va jar (o‘ra) chetining yuzasidan olinishi kerak. Nazorat namunalar – jar (o‘ra) tashqarisidan tuproqning bosilmagan, tegilmagan qismidan olinadi.
  3. Voqea joyi – uy (xonadon) bo‘lganda, namunalar ifloslangan uy jihoz buyumlari (choyshab, dasturxon, oyoq osti yo‘lka gilamchalaridan, deraza kesakilari va b.)dan, dahlizdan, uyga olib keladigan yo‘lkadan yoki oyoq izlari topilgan joylardan olinadi. Uy yaqinida joylashgan yerlardan nazorat namunalari olinishi kerak.
  4. Voqea joyi – yerto‘la, chordoq, saroy, garaj bo‘lganda, tuproq namunalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri voqea joyidan, uning har xil nuqtalaridan, kiraverish qismidan olinadi. Nazorat namunalari voqea sodir bo‘lgan joyga o‘xshash yaqin joylashgan yerto‘la, chordoq, saroy, garajdan olinishi kerak.
  5. Voqea joyi – ko‘l, daryo va boshqa har qanday suv havzasining tubi bo‘lganda, tuproq namunalari suv havzasi tubidan, qirg‘oqdan, sudrab borilgan yo‘lka (agar iz bo‘lsa) bo‘yicha olinadi. Nazorat namunalari suv havzasining qarama-qarshi tomonidan, yaqinida boshqa suv havzasi bo‘lganda – undan olinishi kerak.
  6. Yo‘l harakati hodisalari ro‘y berganida transport vositasining g‘ildiragi, bamperi, to‘sqich (brizgovik) va boshqa qismlarida tuproq qatlamlari bo‘lganda, namunalar voqea joyidan, mashinaning harakatlanayotgan yo‘lidan va kajavasi (kuzovi) dan olinadi.

Barcha tuproq namunalari alohida mustahkam idishlarga joylanadi. Namunalarni to‘qima (bo‘z) xaltalarga yoki karton qutilarga joylash maqsadga muvofiqdir. Polimer xaltalardan yoki shisha idishlardan bu maqsadlarda foydalanish tavsiya etilmaydi, chunki bu holda tuproq keragidan ortiq namlanib qoladi. Agar tuproq nam bo‘lsa, uni xona haroratida quritish zarur. Namunalar joylangan idishlarga ular haqida izohnomalar biriktiriladi.

Tuproq qatlamlariga ko‘pincha yaxlit o‘simlik poyalari yoki ularning qismlari aralashgan bo‘ladi, shu sababli voqea  joyidan  tuproq namunalari olinganda o‘simlik namunalarini ham qo‘shib olish zarur.

Voqea holati bilan bog‘liq bo‘lgan kiyim-boshlarda, qotillik,  to‘siqni buzish qurollarida va shu kabi boshqa buyumlarda tuproq qoldiqlari (izlari) bo‘lsa, ular ehtiyotkorlik bilan buyumlardan skalpel yoki pichoq yordamida qirib olinadi va boshqa-boshqa xaltachalarga joylanadi hamda ustiga tegishli izohnoma biriktiriladi.

Shuningdek, kiyimlarning tuproq tekkan qismlari yuzasidan tuproqni ekspertizaga yuborish vaqtida yo‘qolishini oldini olish maqsadida ip-gazlama mato bo‘lagi bilan tikib qoplanadi. Ushby harakatlarni mutaxassis amalga oshirgani ma’qul.

Har bir buyumlar (kiyim, poyafzal kabi) boshqa-boshqa paketlarga  joylanadi. Tuproq qatlamlari bo‘lgan ashyoviy dalillar va ajratib olingan tuproq namunalarini har xil sharoitda saqlab bo‘lmaydi, chunki tuproq tarkibi harorat va namlik ta’sirida o‘zgaradi.

Tuproq qatlamlari kiyim va poyafzallarda bo‘lganda ashyoviy dalillar dastlab sud – tuproqshunoslik, so‘ngra sud – tibbiy ekspertizasiga  yuboriladi, chunki tuproq moddalarining to‘kiluvchanlik xususiyati tufayli ular yo‘qolishi mumkin.

Sud – tuproqshunoslik ekspertizasi tayinlanganda ekspertiza muassasasiga qaror va ashyoviy dalillar bilan birga quyidagilar taqdim etiladi:

– voqea joyini ko‘zdan kechirish, uning tafsiloti, o‘lchamlari, chegarasi, tuproq qavatining bir xilligi, tuproq yuzasida begona narsalar yo‘qligi va yuzasining holati (o‘simlik bilan qoplanganligi, nam va quruqligi) bayon qilingan hujjat (bayonnoma)ning  nusxasi;

– tuproq namunalarini ajratib olish va olish usuli ko‘rsatilgan  hujjat (bayonnoma) nusxasi;

– voqea joyining qiyosiy va nazorat tuproq namunalari olingan nuqtalar ko‘rsatilgan chizmasi;

– ashyoviy dalillarni musodara qilish haqidagi hujjat (bayonnoma)ning nusxasi va voqea sodir bo‘lgan daqiqadan boshlab ular olingunga qadar ishlatish natijasida ifloslangan buyumlar va ularning o‘zgarishi (kiyimni va poyafzalni tozalash, dala yerda ish olib borilgani) yoki o‘xshatilayotgan joy qismi haqida ma’lumot;

–  voqea sodir bo‘lgan vaqtdagi va o‘sha vaqtdan boshlab namunalar olinguncha qadar o‘tgan davrdagi  ob-havo sharoiti haqida ma’lumot.

Ekspert amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, sud – tuproqshunoslik ekspertizasi tayinlangan ko‘p hollarda ekspertiza muassasasiga faqat qaror va ashyoviy dalillar yuboriladi.

Shuning uchun sud  – tuproqshunoslik ekspertizasiga buyumlar pochta orqali kelganda ko‘p hollarda ekspertiza harakatdan to‘xtatiladi va qo‘shimcha materiallar co‘pab talabnoma yuboriladi, bu esa ekspertiza o‘tkazish muddatini uzayib ketishiga sabab bo‘ladi.

Sud  – tuproqshunoslik ekspertizasining imkoniyatlari va samarali o‘tkazilishi taqdim etilayotgan materiallarni tayyorlash sifatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq, shuning uchun bayon etilgan tavsiyanomalarga sud-tergov idora xodimlarining rioya qilishi qo‘yilgan savollarga to‘liq va ilmiy asoslangan javob berish  imkonini  beradi.