ISO/IEC 17025 standarti laboratoriya xulosalarini xalqaro miqyosda shubhasiz tan olinishini ta’minlaydi

ISO (ing. International Organization for Standardization, ISO) — standartlar ishlab chiqaruvchi mustaqil nodavlat xalqaro tashkilot bo‘lib, uning faoliyatiga standartizatsiya bo‘yicha milliy organlar jalb etilgan. Standartizatsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot 1946 yilda ISA (International Federation of the National Standardizing Associations, 1926 yil Nyu-York) va UNSCC (United Nations Standards Coordinating Committee, 1944 yil) tashkilotlari negizida 25 ta standartizatsiya bo‘yicha milliy tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan.

Bugungi kunda dunyo bo‘yicha 23 386 ta ISO xalqaro standartlari deyarli barcha texnologiya jabhalari va ishlab chiqarish sohalarini qamrab olgan. Dunyo bo‘ylab 165 ta mamlakat ISO xalqaro tashkilotiga a’zo hisoblanadi. 792 ta texnik qo‘mita va qo‘mita osti tashkilotlari standartlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. ISO xalqaro tashkilotining birinchi standarti dastlab 1951 yilda ishlab chiqilgan va unda ishlab chiqarishda uzunlik o‘lchovi uchun standart etalonlar ko‘rsatilgan. Laboratoriya akkreditatsiyasining yagona tartibi akkreditatsiya standartlari bilan belgilanadi. Aksariyat akkreditatsiya tizimlarida xalqaro standartlar qo‘llaniladi. Bu iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari va turli tizimlar o‘rtasidagi akkreditatsiya natijalarining tan olinishini osonlashtiradi. Bundan tashqari, laboratoriya akkreditatsiyasi uchun milliy standartlar yoki sanoat standartlari qo‘llanilishi mumkin. Tadqiqot laboratoriyalari uchun mo‘ljallangan standart ISO/IEC 17025 standarti bo‘lib, unda “Kalibrlash va tadqiqot laboratoriyalari vakolatliligiga qo‘yiladigan umumiy talablar” ko‘rsatilgan. ISO/IEC 17025 standarti — sinov va kalibrlash laboratoriyalarining sifat menedjment standarti bo‘lib hisoblanadi. Standartning ingliz tilidagi ko‘rinishi dastlab 1999 yilda qabul qilingan. Sinov va kalibrlash laboratoriyalari texnik vakolatlangan va texnik jihatdan asosli natijalarni olishga qodir ekanligini ko‘rsatishni istasa, Standart buning uchun bajarilishi kerak bo‘lgan bir qator talablarni belgilaydi. Mazkur standartning qo‘llanilishi laboratoriyalar va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikning o‘rnatilishiga, xususan, tadqiqot natijalari va kalibrlash ishlarining turli mamlakatlar tomonidan tan olinishiga olib keladi.

Laboratoriya faoliyatining ISO/IEC 17025 standarti talablariga muvofiqligi uning akkreditatsiyadan o‘tishiga imkon beradi. Akkreditatsiya (lot. accredo, “ishonish”)  — ob’ekt (markaz yoki laboratoriya) faoliyatining standartning belgilangan ko‘rsatkich, mezon va talablariga mos kelishini rasman tasdiqlanish jarayoni hisoblanadi.

Akkreditatsiya buyurtmachilarning laboratoriya bajarishi mumkin bo‘lgan tadqiqotlarning sifati va vakolatliligiga bo‘lgan ishonchini ta’minlash mexanizmlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Akkreditatsiya laboratoriyaning tadqiqot, o‘lchov va tekshirish sohalarida buyurtmachilar talabini bajarilishini hamda ma’lum turdagi tadqiqotlar va o‘lchovlarni o‘tkazishdagi texnik vakolatliligini rasmiy tan olinishini bildiradi.

Akkreditatsiyaning asosiy maqsadi — tadqiqotlar, testlar va o‘lchov natijalarini yagonaligini ta’minlanishi va tan olinishi bilan bog‘liq. Akkreditatsiyaga ega bo‘lish tadqiqot natijalarini aniq va ishonchli ekanligini ta’minlaydi.

Shuningdek, Akkreditatsiya tadqiqotlarni xalqaro standartlar darajasida bajarish imkonini beradi, bu esa olingan natijalarni barcha ishtirokchilar tomonidan tan olinishini ta’minlaydi.

Akkreditatsiyaning asosiy afzalliklari quyidagilardan iborat:

  • sifatli xizmat ko‘rsatishining kafolati;
  • faoliyatning doimiy mukammallashib borishi;
  • sud ekspert xulosalarining sud va tergov jarayonlarida ishonchliligi
    va nufuzini tan olinishi;
  • laboratoriyaning vakolatliligini tan olinishi uchun vaqt tejalishi;

Akkreditatsiya organi tomonidan uzluksiz inspeksion tekshiruvlarning o‘tkazilishi hisobiga xodimlarning malakasi va vakolatliligining oshishi.

Akkreditatsiyadan muvaffaqqiyatli o‘tish natijasida sub’ekt akkreditatsiya attestatini va maxsus akkreditatsiya belgisini oladi. Aksariyat hollarda akkreditatsiya belgisi marketing maqsadlarida qo‘llaniladi. Akkreditatsiyaga ega bo‘lgan shaxs (laboratoriya) boshqa laboratoriyalar faoliyat natijasidan ajralib turishi uchun  akkreditatsiya tizimining maxsus belgisini ishlatishi mumkin.

Xulosa o‘rnida ISO/IEC 17025 standart talablari bo‘yicha xalqaro akkreditatsiyadan o‘tish laboratoriyalar tomonidan berilgan tadqiqot natijalarini (xulosalarni) xalqaro miqyosda shubhasiz tan olinishini, fuqarolarning buzilgan huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilinishiga va odil sudlovning ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Akram XALILOV,
X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi
markazi direktori
1-darajali adliya maslahatchisi

Manbaa: http://hudud24.uz/