Radiotexnika ekspertizasi

Sud ekspertizasi — sudlovda dalillarni tahlil qilish va xulosalar chiqarish uchun mustaqil mutaxassislar (ekspertlar) tomonidan olib boriladigan ilmiy-texnik tadqiqotdir. Oʻzbekistonda ekspertiza sohasida izchil islohotlar olib borilmoqda. Sud-ekspertiza turlari soni ortib, yangi yoʻnalishlar joriy qilinmoqda, jumladan radiotexnika ekspertizasi

Radiotexnika ekspertizasi haqida tushuncha – radiotexnika ekspertizasi zamonaviy radioelektron vositalar, elektromagnit signallar, turli chastota diapazonlari va simsiz aloqa texnologiyalarini tahlil qilishga ixtisoslashgan ilmiy-texnik faoliyat bo‘lib, bugungi kunda axborot-kommunikatsiya tizimlari, texnik xavfsizlik hamda kriminologiya sohalarida muhim o‘rin egallaydi. Maqolada ekspertizaning asosiy vazifalari — radioelektron qurilmalar parametrlarini aniqlash, elektromagnit signal tahlili, interferensiya manbalarini topish, noqonuniy radiouzatish faoliyatini aniqlash va texnik xavfsizlik infratuzilmasini baholash — keng qamrovda tahlil qilingan. Tadqiqotda spektral tahlil, raqamli signalni qayta ishlash, radiomonitoring va geolokatsiya kabi zamonaviy ilmiy-uslubiy jarayonlar yoritilib, ular yordamida radiotexnika ekspertizasi yuqori aniqlikdagi diagnostika imkoniyatiga ega ekani ko‘rsatib o‘tiladi. Shuningdek, maqola radiochastota muhitining murakkablashib borayotgani, simsiz qurilmalar sonining keskin ortishi va elektromagnit moslashuv muammolari tufayli ekspertiza tizimiga qo‘yilayotgan ilmiy-texnik talablarga e’tibor qaratilgan.

Radiotexnika ekspertizasi sud-huquq sohasi uchun quyidagi imkoniyatlarni beradi:

– Radioelektron qurilmalar diagnostikasi: Radiotexnika ekspertlari radiofunktsional qurilmalarni (masalan, radioaloqa uskunalari, qabul qiluvchi va yuboruvchi antennalar, telekommunikatsiya stansiyalari) tekshirishi mumkin. Qurilmalarning tuzilishi, ishlash holati, buzilish joylari, shuningdek ularning yangiligi yoki o‘zgartirilgani aniqlanadi.

Signal manbasini topish: Dastlabki tergov bosqichida, radioaloqa orqali amalga oshirilgan jinoyatlarda (masalan, noqonuniy radioeshittirish, radiochastota buzilishi, radioaktiv qurilmalar ishlatilishi) signallar manbasini aniqlash muhim. Ekspertiza ushbu manbani aniqlash va sud uchun isbot sifatida xizmat qilishi mumkin.

Radiotexnika ekspertizasining afzalliklari

  1. Yuqori texnik aniqlik: Radiotexnika metodlari elektromagnit tahlil va spektral tahlilga asoslangani sababli, signallarni va qurilmalarni aniqlashda yuqori aniqlik beradi.
  2. Keng qo‘llanilishi: Jinoyat turlari, masalan, noqonuniy radioeshittirish, radiochastota buzilishi, transmitterni notoʻgʻri ishlatish kabi holatlarda qoʻllanilishi mumkin.
  3. Radiotexnika ekspertizasi natijalari sudda mustahkam texnik dalil sifatida ishlatilishi mumkin, chunki signal manbalari, chastota turlari raqamli va ilmiy usullarga tayangan bo‘ladi.

Radiotexnika ekspertizasi — sud ekspertiza tizimida juda istiqbolli va texnik jihatdan muhim yoʻnalishdir. radiotexnika ekspertizasi sud-ekspertiza tizimini yanada kuchaytirishi, voqealarni chuqurroq va ilmiy jihatdan tahlil qilish imkonini berishi, va sudlovda dalillar sifatida ishonchli raqamli xulosalar taqdim etishi mumkin.

 

X.Sulaymonova nomidagi RSEMning
Sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasi
bo‘limi boshlig‘i yetakchi eksperti
J.Z.Abdukarimov