Sud qurilish-texnik ekspertizasini o‘tkazish tartibi va hal etadigan masalalar

Adolatli sudlovni amalga oshirishda dalillarning ishonchliligi katta axamiyatga ega. Dalillarni ilmiy asosda tekshirish va xolisona baholash uchun sud ekspertizasi muhim vosita hisoblanadi.

Sud-ekspertlik faoliyati dolzarb sohaviy yo‘nalishlardan biri bo‘lib, mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklari kafolatli himoya qilinishida, fuqarolarning ishonchini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sud ekspertizasi  fuqarolik, iqtisodiy, jinoyi va ma’muriy sud ishlarini yuritishda ish holatlarini aniqlashga qaratilgan hamda sud eksperti tomonidan fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlar asosida sud-ekspert tekshirishlarini o’tkazish va xulosa berishdan iborat bo’lgan protsessual harakat hisoblanadi. Sud ekspertizasi maxsus bilimga ega bo’lgan mutaxassislar – ekspertlar tomonidan amalga oshiriladi. Sud ekspertizasining maqsadi jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo’yicha haqiqatni aniqlashga yordam berish hamda sud va tergov organlariga xolisona xulosa taqdim etishdan iborat hisoblanadi. Qisqacha aytganda sud ekspertizasi bu sud-tergov ishlarida ilmiy haqiqatni aniqlash uchun zarur bolgan ilmiy yordam.

Misol uchun, sud qurilish-texnikaviy ekspertizasi ko‘p qirrali va murakkab texnik tadqiqot turi bo‘lib, unda qurilish obyektlari bilan bog‘liq nizolarni texnik jihatdan hal qilish uchun maxsus bilimlar qo‘llaniladi. Ushbu maqolada sud qurilish-texnikaviy ekspertizasining o‘tkazish tartibi va unda yechiladigan masalalar yoritiladi.

Sud qurilish-texnikaviy ekspertizasining mohiyati va dolzarbligi

Sud qurilish-texnikaviy ekspertizasi quyidagi holatlarda qo‘llaniladi:

  • nizoli bo‘lgan turar yoki noturar tipdagi bino-inshootlarning bahosini aniqlash;
  • ko’chmas mulk obyektlarini qayta tuzish imkoniyatlarini aniqlashda (ulushlarga bo’lish, ajratish hamda foydalanish tartibini belgilashda);
  • turar yoki noturar tipdagi bino-inshootlarni baholash yuzasidan mustaqil baholovchi tashkilotlar tomonidan tuzilgan baholash hisobotlarining ilmiy asoslanganligini aniqlashda;
  • ta’mirlash-tiklash yuzasidan tuzilgan smeta hujjatlarini hamda bajarilgan ishlar bo‘yicha nazorat o‘lchov dalolatnomalarining ilmiy asoslanganligini aniqlash;
  • qurilish obyektlarining shaharsozlik va texnik me’yorlarga mos kelishi yoki mos kelmasligini aniqlashda;
  • qurilish obyektlari yoki konstruksiyalarining ekspluatatsion yoki funksional sifatlarini qisman yoki to’liq yo’qotishi sabablarini aniqlash.

Yuqoridagi holatlarda sud qurilish-texnikaviy ekspertizasining o’tkazilishi sud ekspertizasini tayinlovchi organ (shaxs)ning hal qiluv qarorida, jinoyat ishi doirasida tergov hamda surishtiruv mobaynida zarur dalillar sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.

Sud qurilish-texnikaviy ekspertizasini oʻtkazish tartibi:

Ekspertiza tadqiqotlarini o’tkazishda avvalo tadqiqotlar o‘tkazilishi uchun asos taqdim etilishi lozim. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.02.2023 yildagi 73-son qarori bilan tasdiqlangan “Sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi namunaviy Nizomga ko‘ra quyida ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish uchun asoslarni ko‘rib chiqamiz:

Ekspertiza tadqiqotlari tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudyaning  qarori yoki ajrimi asosida o‘tkaziladi. Bunda sud ekspertizasi tegishli qaror yoki ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran tayinlangan hisoblanadi.

Shuningdek, advokatlik soʻroviga koʻra tadqiqotlar iqtisodiy, fuqarolik va maʼmuriy ish yuritilayotganda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chogʻida yoki sud muhokamasi jarayonida davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan shartnoma asosida ўтказилади;

Bundan tashqari, mazkur Nizomda davlat sud ekspertiza muassasasi tomonidan qonunchilikka ko‘ra ruxsat etilgan sud ekspertiza turlari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq shartnoma asosida tadqiqotlar o‘tkazilib, mutaxassis fikri berilishi mumkinligi ham belgilab qo‘yilgan.

Ekspertiza tadqiqotlarini o’tkazish uchun asos hamda u bilan birga taqdim etilgan hujjatlar o’rganib chiqilib, dastlabki tahlil amalga oshiriladi. Shundan so’ng, zaruriy qo’shimcha ish materiallarini taqdim etish, tadqiqotlarni o’tkazish uchun to’lovni amalga oshirish (iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy sudlarga taalluqli ishlar bo‘yicha) hamda ajrim yoki qarorda shuningdek advokatlik so‘rovi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatida  ko’rsatilgan obyektlarni ko’zdan kechirishni tashkil etish haqida sud ekspertizasi tayinlovchi organ (shaxs)ga, advokat yoki mutaxassis fikri olish yuzasidan murojaat qilgan jismoniy va yuridik shaxslarga iltimosnoma yuboriladi.

Zaruriy qo’shimcha ish materiallari, to’lov amalga oshirilganligi haqidagi to’lov pattasi(kvitansiyasi) taqdim etilib, qurilish obyekt(lar)i ko’zdan kechirilgandan so’ng barcha yig’ilgan hujjatlar va ma’lumotlar tahlil qilinib, ishning murakkablik darajasidan kelib chiqқан ҳолда belgilangan muddatda xulosa va mutaxassis fikri yozma yoxud elektron shaklda taqdim etiladi.

Sud qurilish-texnikaviy ekspertizasining hal qiladigan masalalari

  • turar joy, jamoat va ishlab chiqarishga mo’ljallangan bino(bino qismlari) va inshootlarni me’yoriy hujjatlar asosida hisob usuli bilan bozor narxini aniqlash;
  • yer maydonlarini yerdan foydalanish huquqining qiymatini aniqlash;
  • ko’chmas mulk obyektlarini baholash bo’yicha tuzilgan baholash hisobotlarining ilmiy asoslanganligini tekshirish;
  • ta’mirlash-tiklash va qurilishda bajarilgan ishlar yuzasidan tuzilgan smeta hujjatlari va nazorat o’lchov dalolatnomalarining ilmiy asoslanganligini aniqlash;
  • turar-joy, jamoat va ishlab chiqarishga mo’ljallangan binolarni (bino qismlarini) ulushlarga bo’lish, ajratish va foydalanish tartibini belgilash imkoniyatlarini aniqlash;
  • turar-joy, jamoat va ishlab chiqarishga mo’ljallangan binolarning (konstruksiya yoki elementlarining) shaharsozlik me’yorlari va qoidalari, texnikaviy ekspluatatsiya me’yorlari va qoidalari talablariga javob berishi yoki bermasligini aniqlash;
  • qurilgan yoki qayta qurilgan bino-inshootlarni, bajarilgan qurilish, ta’mirlash yoki qayta qurish ishlarini loyihaga to’g’ri kelishi yoki kelmaslgini aniqlash;
  • avariya holatlari sabablari bo’yicha – binolarning cho’kishi, namlanishi, ishlarning noto’g’ri bajarilishi oqibatida bino va inshootlarni (konstruksiya yoki elementlarini) qulashi, ko’p qavatli uylardagi xonadonlarga suv toshishining texnik sabablarini va buning oqibatida pardozlash ishlarining shikastlanishi hamda qurilish ishlarini amalga oshirishda baxtsiz hodisalarning sabablarini aniqlash;
  • qurilishda mansabdor shaxslar tomonidan talon-tarojlikka yo’l qo’yilishining sabablari va sharoitlarining kelib chiqishi hamda bino va inshootlarning texnik holatiga ta’sir qiluvchi avariya holatlarini aniqlash.

Xulosa qilib aytganda, sud qurilish-texnikaviy ekspertizasi sudlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarning fuqarolar hamda jamiyat manfaatlarini himoya qilishda, nizoli obyektlarda yuzaga kelgan muammolarni o’z vaqtida hamda adolatli bartaraf etishda sohaning o’rni, ahamiyati beqiyosdir. Ushbu ekspertiza sohasini yanada rivojlantirish uchun davlatimiz tomonidan berilgan keng imkoniyatlardan foydalangan holda malakali kadrlarni yetishtirish, ularni malakasini xorijiy tashkilotlar tajribasi asosida doimiy oshirib borish hamda zamonaviy texnologiyalar asosida moddiy texnik bazasini takomillashtirish, yetarli adabiyotlar va uslubiy qo’llanmalar bilan ta’minlash hamda ularni yangilab borish muhim ahamiyat kasb etadi. Kelgusida sud qurilish-texnikaviy ekspertizasining amaliy roli yanada ortib, uning yechimini hal etadigan masalalar doirasi kengayishi kutilmoqda. Bu holat sohaga zamonaviy ilmiy-texnik yangiliklarni tatbiq etish orqali, ekspertizaning ishonchliligini va samaradorligini oshirish imkonini beradi.

 

X.Sulaymonova nomidagi RSEM Andijon viloyati
bo‘limi eksperti: Xojimatov Davronbek Shuxratbek o‘g‘li