O‘quv markazi Nizomi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining

O‘quv markazi to‘g‘risida

NIZOM

 

  1. Umumiy qoidalar
  2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining (keyingi o‘rinlarda Markaz deb yuritiladi) o‘quv markazi Markazning tarkibiy bo‘limi hisoblanadi.
  3. O‘quv markazi Markazning Adliya vazirligi tizimidagi sud-ekspertlarini malakasi va huquqiy bilimlarini oshirish, shuningdek boshqa sud ekspertlarining huquqiy bilimlarini oshirish bo‘yicha o‘quv jarayonini tashkil qilish faoliyatiga uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi.
  4. O‘quv markazi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligining buyruqlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Adliya vazirligi hay’atining qarorlari, Adliya vazirining buyruqlari, farmoyishlari, Markaz to‘g‘risidagi nizom, Markaz direktorining buyruqlari, farmoyishlari, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.

 O‘quv markazining vazifalari va funksiyalari

  1. Quyidagilar o‘quv markazining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari hisoblanadi:

sud ekspertizasi sohasiga oid maxsus va huquqiy fanlar, ekspertlik amaliyoti, mehnat va boshqaruvni ilmiy tashkil etishning eng yangi yutuqlarini o‘rgatish maqsadida Adliya vazirligi tizimidagi sud ekspertlarini malakasi va huquqiy bilimlarini oshirish, shuningdek boshqa sud ekspertlarining huquqiy bilimlarini oshirish bo‘yicha o‘quv jarayoninini tashkil qilish;

o‘quv jarayoni bo‘yicha ish yuritishni tashkil etish, nazorat qilish, ularning bu boradagi faoliyatiga uslubiy rahbarlikni amalga oshirish, ijro intizomi talablariga qat’iy rioya qilinishini ta’minlash, bu yo‘nalishdagi faoliyatni tartibga solishga qaratilgan boshqaruv hujjatlarini tayyorlash;

Markazning laboratoriyalari va bo‘limlari tomonidan sud-ekspertizalari mutaxassisliklari bo‘yicha hamda boshqa sud ekspertlarining huquqiy bilimlarini oshirish bo‘yicha ta’lim dasturlari, fanlar bo‘yicha tegishli
o‘quv-metodik materiallar tayyorlanishini tashkil qilish, muddati va sifatini nazorat qilish;

Markazda amalga oshiriladigan o‘quv jarayoni yuzasidan hujjatlarning tayyorlanishini ta’minlash, bu boradagi ishlarni tahlil va nazorat qilishni amalga oshirish;

o‘quv jarayoni bo‘yicha statistik hisobotlarni yuritish, umumlashtirish va tahliliy ma’lumotlar tayyorlash hamda Nazorat-uslubiy bo‘limiga davriy ravishda taqdim qilish;

muntazam ravishda ekspert kadrlarning nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, ishchanlik va kasbiy fazilatlarini takomillashtirish;

  1. O‘quv markazi o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

5.1. O‘quv jarayoninini tashkil qilish bo‘yicha:

Markazning ehtiyoji hamda tarkibida sud ekspertiza muassasalari bo‘lgan vazirlik, idora va davlat qo‘mitalari tomonidan kelib tushgan ariza-buyurtmalar asosida, Adliya vazirligi tizimidagi sud ekspertlarini malakasi va huquqiy bilimlarini oshirish, shuningdek boshqa sud ekspertlarining huquqiy bilimlarini oshirish bo‘yicha o‘quv jarayonini tashkil qilish, o‘quv jarayoniga oid ish rejalari, mavzuiy rejalar, mashg‘ulotlar jadvallarini tuzish, ularning ijrosini nazorat qilish, umumlashtirish;

o‘quv jarayoniga Markaz laboratoriya va bo‘limlarining rahbarlari va yetakchi mutaxassislarini, shuningdek maxsus tayyorgarlik va amaliy tajribaga ega, oliy va o‘rta-maxsus kasb-xunar ta’lim muassasasini tamomlagan mutaxassislarni Markaz va boshqa tashkilot yoki muassasalar bilan tuzilgan shartnomalar yoki to‘lov-shartnoma asosida jalb etish;

o‘quv jarayoni bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar va mustaqil ta’limni Markaz laboratoriyalari va bo‘limlari bazasida tashkil qilish va bu jarayonni nazorat va monitoringini olib borish;

axborot-tahlil faoliyati ko‘nikmalarini rivojlantirish, O‘zbekiston Respublikasi tashqi va ichki siyosatining asosiy yo‘nalishlariga doir bilimlarni chuqurlashtirish;

professional vazifalarni hal etishda zamonaviy kompyuter texnologiyalaridan, global axborot tarmoqlari resurslari imkoniyatlaridan foydalanish borasidagi bilimlarni chuqurlashtirish va amaliy ko‘nikmalarni takomillashtirish;

Markazning Ilmiy Kengash va Direktoratining majlislari va Markaz rahbariyati huzurida o‘tkaziladigan tezkor majlislar kun tartibiga o‘quv jarayoni bo‘yicha hisobotlar va bu jarayonni takomilashtirishga oid masalalarni ko‘rib chiqish uchun tayyorlash;

qonuniylikni ta’minlash, huquq-tartibotni mustahkamlash va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish muammolari bo‘yicha tadqiqotlarni amalga oshirish hamda amaliy takliflar, tavsiyalar va qo‘llanmalarni ishlab chiqish.

5.2. Markaz laboratoriyalari va bo‘limlari tomonidan sud ekspertizalari mutaxassisliklari bo‘yicha hamda boshqa sud ekspertlarining huquqiy bilimlarini oshirish bo‘yicha ta’lim dasturlari, fanlar bo‘yicha tegishli
o‘quv-metodik materiallar tayyorlanishini tashkil qilish bo‘yicha quyidagilar:

Adliya vazirligi tizimidagi sud ekspertlarini malakasi va huquqiy bilimlarini oshirish, shuningdek boshqa sud ekspertlarining huquqiy bilimlarini oshirish bo‘yicha o‘quv jarayoni boshlanishidan uch oy oldin fanlar bo‘yicha o‘quv dasturlari, ishchi o‘quv dasturlari hamda o‘quv jarayoni boshlanishidan bir oy oldin mavzuiy rejalar, fanlarning mavzulari bo‘yicha
o‘quv-metodik komplekslar, zamonaviy talab va standartlarga javob beradigan o‘quv adabiyotlar, o‘quv-metodik materiallar tayyorlanishini tashkil qiladi;

Markaz laboratoriyalari va bo‘limlarida o‘quv jarayonini tashkil etish uchun zarur o‘quv-metodik materiallar (ishchi dastur, ma’ruza fondlari, tarqatma materiallar, o‘qitishning zamonaviy vositalari (slaydlar, prezentatsiyalar), tabiiy o‘quv ob’ektlari va vositalari mavjud bo‘lishini nazorat qiladi va metodik yordam ko‘rsatadi;

5.3. Markaz amalga oshiriladigan o‘quv jarayoni yuzasidan hujjatlarning tayyorlanishini ta’minlash bo‘yicha quyidagilar:

o‘quv jarayoni bo‘yicha kelib tushgan hujjatlarni devonxonada ro‘yxatga olingandan so‘ng, ularni ijro uchun qabul qiladi, ularni o‘quv markazi xodimlarining vazifalariga ko‘ra taqsimlaydi, mas’ul ijrochilarga yetkazadi va ijrosini nazorat qiladi;

o‘quv jarayoni bo‘yicha laboratoriyalar va bo‘limlar, shuningdek shartnoma asosida o‘quv jarayoniga jalb etilgan mutaxassislarga uslubiy yordam ko‘rsatadi, o‘quv markazi ish yurituvchi-laboranti faoliyatini, hujjatlar yig‘ma-jildlari nomenklaturasining shakllantirilganligi va ularni yuritilishini nazorat qiladi;

o‘quv jarayonini tashkil etish bo‘yicha yuboriladigan aloqa xatlari va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi va asoslarini ishlab chiqadi;

o‘quv jarayoni yuzasidan takroriy topshiriq xatlarining chiqib ketishini oldini olish maqsadida tegishli idoralarga yuboriladigan aloqa xatlari loyihalarini rahbariyatga imzoga kirishdan oldin ko‘rib chiqadi;

har chorak davomida o‘quv jarayoni bo‘yicha kelib tushgan hujjatlarning ijrosi yuzasidan umumlashtirishlar tayyorlaydi va muhokamaga kiritadi;

o‘quv jarayoni faoliyatini amaldagi qonun hujjatlari asosida olib borilishini ta’minlaydi;

o‘quv jarayonini tashkil etish faoliyati bo‘yicha statistikasini yuritadi;

o‘quv jarayonini tashkil qilish faoliyatiga doir ma’lumotlarni, statistik hisobotlarni umumlashtirish asosida tahliliy ma’lumotlar, to‘plamlar, solishtirma jadvallar tayyorlaydi, natijalari yuzasidan o‘quv jarayonini takomillashtirish va uning samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur takliflar va chora-tadbirlar ishlab chiqadi;

5.4. Muntazam ravishda ekspert-kadrlarning nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, ishchanlik va kasbiy fazilatlarini takomillashtirish bo‘yicha quyidagilar:

sud ekspertlarini ekspertiza faoliyatida ekspertlar duch keladigan vaziyatlarni to‘g‘ri baholash va sharhlash, olingan nazariy bilimlarni amaliy faoliyatda qo‘llash, identifikatsion va noidentifikatsion turdagi ekspertiza tadqiqotlarini bevosita o‘tkazish, protsessual hujjatlarni to‘g‘ri tuzish, qayta, qo‘shimcha, komissiyaviy va kompleks ekspertizalarni o‘tkazish, ushbu turdagi ekspertizalarni tayinlash va o‘tkazishda uchrab turadigan xatolarni aniqlash bo‘yicha nazariy bilimlar berish va mavjud bilimlarini chuqurlashtirish;

sud ekspertlarini olgan nazariy bilimlaridan uslubiy va amaliy vazifalarni hal etishda, fuqarolik va jinoiy ishlar bo‘yicha masalalarni farqlash, ekspertlik faoliyatidagi kolliziyalarni aniqlash va ularni bartaraf etish yo‘llarini aniqlash amaliy ko‘nikmalarini berish;

sud ekspertizalarda hal etiladigan savollar majmuini ekspertiza metodlari ishlanganlik holatini hisobga olgan holda to‘g‘ri aniqlay olish, faoliyat davomida yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish malakalarini shakllantirish;

demokratik huquqiy davlat barpo etish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish va qonunchilikni mustahkamlash sohasida sud ekspertlarining huquqiy bilimlarini oshirish;

sud ekspertlarida tashkilotchilik qobiliyati va rahbarlik mahoratini takomillashtirish;

sud ekspertlarini vatanparvarlik, Vataniga va xizmat burchiga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda axloqiy-irodalik fazilatlarni shakllantirish;

sud ekspertlik, tergov va sud amaliyotini o‘rganish hamda tahlil qilish;

5.5. O‘quv jarayonida ijro intizomini mustahkamlash va nazoratni olib borish bo‘yicha o‘quv markazi quyidagilarni:

Markazning o‘quv jarayoniga tegishli bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar va Adliya vazirligidan o‘quv jarayoni bo‘yicha ijro uchun kelgan topshiriqlar, shuningdek Markaz rahbariyati tomonidan nazoratga olingan hujjatlarning ijro etilishini nazorat qilish;

o‘quv jarayoni bo‘yicha Markazning laboratoriya va bo‘limlariga yuklatilgan topshiriqlarning ijrosini to‘liq va belgilangan muddatlarda ta’minlash maqsadida har bir band, mas’ul ijrochi va ijro etish muddati alohida ko‘rsatilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi, uning ijrosini ta’minlashni mas’ul ijrochilardan talab qiladi, tekshiradi, tahlil qiladi va rahbariyatga axborot beradi;

Markaz direktori yoki direktor o‘rinbosarining topshirig‘iga ko‘ra o‘quv jarayoni holati yuzasidan Markaz laboratoriyalari va bo‘limlari xodimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazadi va natijasi bo‘yicha rahbariyatga axborot taqdim etib boradi.

O‘quv markazi o‘z vakolatlari doirasida boshqa vazifa va funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.

 III. O‘quv markazining huquqlari va javobgarligi

  1. O‘quv markazi o‘z zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

o‘quv jarayonini tashkil etish va takomillashtirish bo‘yicha rahbariyatga takliflar kiritish;

Markaz direktori topshirig‘iga asosan hamda ish rejalarga muvofiq Markazning o‘quv jarayonini o‘z vakolatiga tegishli masalalar bo‘yicha tekshirish, natijalari bo‘yicha Markaz rahbariyatiga ma’lumotnoma taqdim etish;

Markazning o‘quv jarayoni bo‘yicha ijro muddati buzilgan hujjatlar bo‘yicha tushuntirishlar talab qilish, ijro intizomini buzgan, ya’ni topshiriqlarning ijrosi belgilangan muddatda bajarilmagan va sifatsiz ijro qilingan holatlar bo‘yicha xizmat tekshiruvini o‘tkazish va aniqlangan muddat buzilish holatlari yuzasidan tegishli choralar ko‘rish haqida rahbariyatga takliflar hamda xizmat tekshiruvi natijasi bo‘yicha rahbariyatga axborot berish;

Markazning laboratoriyalari va bo‘limlaridan o‘quv jarayonini metodik ta’minlash bo‘yicha tegishli hujjatlar va materiallarni talab qilib olish;

Markazning o‘quv jarayonini ta’minlashga qaratilgan hujjatlar
(yo‘riqnoma, nizom va h.k.)ni ishlab chiqishda ishtirok etish.

O‘quv markazi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

  1. O‘quv markazi o‘ziga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishi uchun javobgardir.

 O‘quv markazi faoliyatini tashkil qilish

  1. O‘quv markaziga Markaz direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan O‘quv markazi mudiri rahbarlik qiladi. O‘quv markazi mudiri o‘z faoliyatida bevosita Markaz direktoriga bo‘ysunadi va faoliyati bo‘yicha unga hisobot beradi.
  2. O‘quv markazi mudiri:

O‘quv markazi faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, faoliyatni tashkillashtiradi, yo‘naltiradi va nazorat qiladi;

O‘quv markaziga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;

O‘quv markazi xodimlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi, ular o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi va funksional vazifalar, aniq topshiriqlarning bajarilishi uchun har bir xodimning javobgarlik doirasini belgilaydi;

Markaz direktori topshiriqlari, buyruqlari va ko‘rsatmalarining xodimlar tomonidan bajarilishini tekshiradi, hujjatlarning o‘z vaqtida ijro etilishini nazorat qiladi;

Markaz direktoriga O‘quv markazi xodimlarini rag‘batlantirish, intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida takliflar kiritadi;

mavjud shtat jadvali asosida lavozimga tayinlash uchun tegishli tartibda Markaz direktoriga nomzodlarni taqdim qiladi;

O‘quv markazi xodimlaridan mehnat intizomini buzganlik, yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida yoki lozim darajada bajarmaganlik holatlari yuzasidan tushuntirishlar oladi;

Markaz Ilmiy Kengashi va Direktorati majlislarida muhokama qilish uchun Markaz direktoriga takliflar kiritadi;

O‘quv markazi tarkibini hamda faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi, O‘quv markazi faoliyatiga oid muhim masalalar haqida Markaz direktoriga muntazam ravishda axborot beradi;

O‘quv markazi faoliyatiga daxldor masalalarni muhokama qilish, ish reja va boshqa topshiriqlarning bajarilishini nazorat qilish uchun barcha xodimlar ishtirokida muntazam ravishda tezkor yig‘ilishlar o‘tkazadi;

o‘z vakolati doirasida tegishli hujjatlarni imzolaydi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

  1. O‘quv markazi xodimlari tarkibi quyidagilardan iborat:

O‘quv markazi mudiri;

O‘quv markazi metodist xodimlari;

O‘quv markazi ish yurituvchi-laboranti.

  1. O‘quv markazi xodimlarining funksional vazifalari belgilangan tartibda O‘quv markazi mudirining taqdimiga muvofiq tasdiqlanadi.
  2. O‘quv markazi xodimlari xizmat vazifalarini bajarish vaqtida, yuklatilgan vakolatlar doirasidan chetga chiqqanliklari, shuningdek qonunga xilof harakatlar yoki harakatsizligi, xizmat vazifalarini bajarmaganliklari yoxud lozim darajada bajarmaganliklari va xizmat etikasi qoidalarini buzganliklari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda intizomiy yoki boshqa javobgarlikka tortiladi.