Sud-iqtisodiy-statistik ekspertizasi

     Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarni aniqlash va samarali tergov olib borish faqat maxsus iqtisodiy bilimlardan foydalanilgan holda amalga oshiriladi. Bunda xo‘jalik yurituvchi sub’ekt(korxona)ni nafaqat moliyaviy xo‘jalik operatsiyalari, balki o‘zida iqtisodiy ko‘rsatkichlarini ifodalovchi buxgalteriya, statistika va tezkor hisob hujjatlari tadqiq qilinishi kerak.

Sud-iqtisodiy ekspertizasi surishtiruvchi, tergovchi, prokurorlar qarori, hamda sudda ko‘rilayotgan fuqarolik ishlari yoki tergov qilinayotgan jinoyat ishlari bo‘yicha sudning ajrimi asosida o‘tkaziladi.

Sud-iqtisodiy ekspertizasi iqtisodiyot sohasi bo‘yicha maxsus  bilimga ega bo‘lgan, sud-iqtisodiy eksperti mutaxassisligi bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, sudga oid iqtisodchi-eksperti mutaxassisligi malakasiga ega bo‘lgan xodimlar tomonidan bajariladi. Sud-iqtisodiy eksperti mutaxassisligi esa O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Respublika sud ekspertizasi Markazining maxsus malakali Ekspert komissiyasi (guruhi) tomonidan beriladi. O‘zR JPKning 174–moddasida, jumladan, sud-iqtisodiy ekspertizasi faqat davlat sud- ekspertiza muassasalarida o‘tkazilishi belgilanganligini alohida ta’kidlab o‘tish joiz.

Sud-iqtisodiy ekspertizasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi ekspertiza muassasalari shtatida bo‘lmagan mutaxassis xodimlar tomonidan ham bajarilishi mumkin. Bunday mutaxassislarni tanlash, ularning faoliyat tartibi va tarkibini tasdiqlash ekspert muassasasi rahbari tomonidan amalga oshiriladi. Shtatda bo‘lmagan xodimlarni ekspertlik faoliyati ham “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining sud ekspertiza muassasalarida sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi  Yo‘riqnoma talablariga asosan amalga oshiriladi.

Bozor munosabatlarini shakllantirish va rivojlantirish sharoitida iqtisodiy ekspertizalarga bo‘lgan ehtiyojni keskin ko‘payishi va iqtisodiy ekspertizaning yangi turlarini tashkillashtirishga olib keldi.  Tergov va sud amaliyotida sud-iqtisodiy ekspertizasining sud-buxgalteriya, sud-moliya-kredit, sud-mehnat iqtisodi, sud-rejali iqtisodiy, sud-iqtisodiy-statistika, tashqi savdo faoliyatining sud-iqtisodiy ekspertizasi kabi turlariga bo‘lgan talabi kuchaymoqda. Sud-iqtisodiy ekspertizasi turli masalalarni hal etadi:

  • korxonalardagi moliyalashtirishni to‘g‘riligini aniqlash;
  • olingan daromad miqdorini aniqlash;
  • soliq solinadigan asoslarni aniqlash;
  • iqtisodiy fondlarni yaratilish asoslarini aniqlash;

– mehnat haqini hisoblashda me’yoriy xujjatlarga asoslanganlikni aniqlash;

  • hisobotlarda iqtisodiy ko‘rsatkichlarni aks ettirilganligi kabi holatlarni tadqiq etish va boshqalar.

Sud-iqtisodiy ekspertizasining turlarga bo‘linishi iqtisodiy sohadagi jinoyatlarga qarshi ko‘rashishda iqtisodiy bilimlardan o‘z o‘rnida samarali foydalanish imkonini beradi. Sud-iqtisodiy ekspertizasining bunday sinflanishi tergov va sud idora xodimlarining iqtisodiy jinoyatlarni ochishda ularga yanada chuqurroq kirib borish imkonini yaratadi.

Sud-iqtisodiy ekspertizasining mazmun-mohiyatini tushunish uchun uning predmeti, ob’ektlari va uslublarini tadqiq etish lozimdir.