Tolali materiallar va ulardan tayyorlangan buyumlar ekspertizasi

Turli toifadagi jinoiy ishlarni tergov qilish va sudda ko‘rishda tolali tabiatga ega bo‘lgan ob’ektlar (to‘qimachilik materiallari)ning tadqiqoti voqea vaziyatlarini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, nomusga tegish, qotillik, odam o‘ldirish va yo‘l transport hodisalari bo‘yicha jabrlanuvchi, ayblanuvchilarning kiyim-kechaklari va har xil buyumlar sathida qolgan mayda tolalarni tekshirish alohida ahamiyatga ega.

Ko‘p hollarda tolali materiallar va ulardan tayyorlangan buyumlar (qop, gazlama, choyshab va b.), shuningdek, arqonlar, tasmalar va ip qoplamali elektr simlaridan jinoyatchilar o‘z qilmishlarini bekitishda keng foydalanishadi. Voqea sodir bo‘lgan joydan olingan bunday ashyoviy dalillarni tekshirish tergov uchun ko‘p ma’lumotlar beradi.

Jinoyatchi kiyimining ayrim tolalari, iplari va hatto kichik bo‘laklari to‘siqlardan o‘tishda qolishi mumkin. Piyodani urib ketish bilan bog‘liq yo‘l transport xodisalari natijasija avtotransport vositalariga uning egnidagi kiyimlardan tolalar o‘tib qolishi ehtimoldan xoli emas.

Ba’zan tergov amaliyotida ashyoviy dalil sifatida yongan (masalan, alangadan yoxud pechkadan olingan) kiyim qoldiqlari yoki boshqa to‘qimachilik materiallari uchrab turadi. Bunday  hollarda ekspertlar ixtiyoriga kiyimlar (ob’ektlar)ning qoldiqlari yuborilib, ularning dastlabki ko‘rinishini va qanday maqsadlarda qo‘llanilishi mumkinligini aniqlash vazifasi qo‘yiladi.

Матнда хато топсангиз, уни белгилаб Ctrl+Enter тугмаларини биргаликда босинг .