Sud-yer ekspertizasi

Sud yer ekspertizasi

Sud yer ekspertizasi – muhandislik–texnikaviy ekspertizasining ko‘rinishlaridan biridir.

Sud yer ekspertiza predmetini yer maydonlari chegaralarini va ulardan foydalanish tartibi bilan bog‘liq faktlar tashkil qiladi.

Ushbu ekspertizani o‘tkazish jarayonida quyidagi ma’lumotlardan qo‘llaniladi:

– yer maydonlarini rejaviy shakllari, bino, qurilmalar va muhandislik yer osti va yer usti komunikatsiyalarning ularda joylashishi, ko‘chadan tashqi kommunikatsiyalarni yer maydoniga olib kirilishi, hududlarni obodonlashtirilish, yer maydonidan kirish-chiqish yo‘laklarini joylashishi va o‘lchovlari;

– yer maydonlarini o‘zgartirish imkoniyatlari (bo‘lish, foydalanish).

Sud yer ekspertizasi tadqiqot ob’ektiga yer maydonlari va yer maydonida joylashgan bino, inshoatlar, muhandis tarmoqlari, yer maydonlari rejasi, yer ajratish rejalari, yer osti va yer usti kommunikatsiyalarning rejalari kiradi.

Ayrim hollarda ob’ektlar qatoriga

– chegaradosh yer hududlari (qo‘shni yer maydonlari, ko‘chalar, va h.k.) – ob’ektlar qurilishi uchun vakolatli idoralarning yer ajratish haqida qarori;

– ob’ektni qo‘rish shartnomasi;

– yer maydonining kadastr hujjati;

– yer maydonidan foydalanish va ijara shartnomasi;

– yer maydonining rejasi, yer maydonini va unda joylashgan bino inshoatlar hamda unga tutashgan ko‘cha hududlarining oxirgi paytdagi topografik reja suratlari (muhandis kommunikatsiyalar sxemasi bilan) ham kiradi.

Sud yer ekspertizasi quyidagi asosiy masalalarni hal etadi:

–  ajratilgan yer maydonlarining haqiqiy o‘lchamlarini yer ajratish kadastr hujjatlaridagi o‘lchamlar bilan mosligini aniqlash;

– turar joy binolarini bo‘lishda yer maydonlarini bo‘lish imkoniyatlarini aniqlash;

– yer maydoniga egalik qilishning ekspert tomonidan baholanishi;

– turar joy binolarini bo‘lib foydalanishda yer maydonlaridan bo‘lib foydalanish tartibini belgilash imkoniyatlarini aniqlash;

– turar joy binolarini bo‘lib (ajratib) «servetut» foydalanishda yer maydonlarini bo‘lib (foydalanish tartibini aniqlab) foydalanish imkoniyatlarini aniqlash;

– yer maydonlariga qo‘shni yerlarini qo‘shimcha o‘zlashtirilgan (o‘zlashtirilmagani)ligini aniqlash.

Sud yer eksperti oldiga hal etish uchun quyidagi savollar qo‘yilishi mumkin:

Yer maydonlarini tomonlarning 3/5 va 2/5 ulushlari (yoki boshqa ulushlarini ko‘rsatish lozim) bo‘yicha shartli me’yor va qoidalar asosida bo‘lish mumkinmi?

Foydalanish tartibi belgilangan uy-joy yer maydonlarini tomonlarning 2/3 va 1/3 ulushlari bo‘yicha shartli me’yor va qoidalar asosida bo‘linishini aniqlansin.

Yer maydonlarini yashash uylari va yordamchi inshoatlarni sud  qurilish eksperti xulosasida ko‘rsatilgan bo‘lish variantlari va shartli me’yor va qoidalar asosida bo‘linishi aniqlansin.

Yer maydonlarini servetut belgilanishi bilan (servetut – o‘zganing yer maydonidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi) shartli me’yor va qoidalar asosida bo‘lish mumkinmi?

Yer maydonlarini bo‘lgan holda ulardan alohida kirib-chiqish yo‘laklarini belgilansin.

Umumiy foydalanishda bo‘lgan yer maydonlarini shartli me’yor va qoidalar asosida chegaralanishi aniqlansin.

Sud yer ekspertizasini o‘tkazishda ko‘zdan kechirish uslubi, lazer o‘lchagich uskunasi va ruletkalar bilan o‘lchash uslubi, rejalarni taqqoslash uslublaridan foydalaniladi.

Sud yer ekspertiza amaliyotida uchraydigan kamchiliklar.

sud yer ekspertizasini tayinlash va o‘tkazishda ekspertlar vakolatiga aloqador bo‘lmagan savollar qo‘yilishi;

– nizoli yer maydonlarini natura ko‘rinishida ajratish davrida va ekspertiza tayinlash vaqtida yer maydoni o‘lchamlarining haqiqiy holatini aks ettiruvchi hujjatlarni (asl nusxa) taqdim qilinmasligi.

Sud yer ekspertizasini tayinlash va o‘tkazish ma’lum protsessual xususiyatlarga ega:

– sud tomonidan nizoli yer maydonini ko‘zdan kechirishni tashkil qilinishi;

– sud tomonidan nizoli ob’ektlarni ko‘zdan kechirganda yer maydonlarini o‘lchash ekspertlar tomonidan bajarilishi;

– ekspert o‘lchovlari va ko‘zdan kechirish natijalarini bo‘yicha sud tomonidan bayonnoma tuzilishi;

– turli tashkilot va idora mutaxassislari ishtirokida komission ekspertiza tayinlangan hollarda nizoli yer maydonini ko‘zdan kechirishni jalb qilingan mutaxassislar birgalikda amalga oshirishi.