Tovarshunoslik ekspertizasi

Sud-tovarshunoslik ekspertizasi

Huquqni muhofaza qilish amaliyotini tahlili iqtisodiy jinoyatlarni holisona va qonuniy tergov qilish ko‘p hollarda turli ob’ektlarning (mahsulotlar) tovar sifatini aniqlashni talab etganligi sababli mulkka oid nizolarni hal etishda, sud tergov idoralariga tovarshunoslikka oid bilimlarni tadbiq etishga ehtiyojning o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Shunga ko‘ra, mulkiy munosabatlar sohasida nizoli masalalarni xolisona va qonuniy hal etishda tovarshunoslik sohasidagi maxsus bilimlarni qo‘llash zaruriyati tug‘iladi.

Sud tovarshunoslik ekspertizasining mohiyati mahsulotlarning tovar (iste’mol) xususiyatlarining muayyan sifatini aniqlash maqsadida maxsus bilimlar yordamida tekshirishdan iboratdir.

Sud tovarshunoslik ekspertizasi doirasida quyidagi ikki guruhga bo‘lingan masalalarni hal etish mumkin.

Klassifikatsion masalalar: – tovarning xalqaro standart talablariga, texnik sharoiti tasdiqlangan namunalarga, shartnoma va boshqa normativ aktlarga mos kelishini (mos kelmasligi) aniqlash; – tovarlarning qaysi tur va turkumga taalluqliligini, ularning sifati, soni, assortimenti, o‘lchami, navi, komplektga kirishi, bahosini unga tirkalgan yorliqqa va boshqa ilova hujjatlarga mosligini aniqlash; – taqdim etilgan mahsulot (tovar)ning sifat belgilari namuna sifatida unga o‘xshash tovarning sifat ko‘rsatkichlariga mos kelish-kelmasligini aniqlash.

Diagnostik masalalar: – tovardagi kamchiliklarni aniqlash va ularni tovarning sifatiga ta’sirini belgilash; – tovarning sifat o‘zgarishini sabablari va nuqson (kamchilik)larini kelib chiqish xarakterini aniqlash (u ishlab chiqarish yoki foydalanish davrida yuzaga kelganmi); – tovarning tutilishi, zararlanishi, nuqsonini hisobga olgan holda bahosini aniqlash; – yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash.

Sud tovarshunos ekspertining vakolatiga zargarlik buyumlari va san’at asarlarini baholash kirmasligini alohida ta’kidlash joiz.

Sud-tovarshunoslik ekspertizasining predmeti: tijorat kelib chiqishi ob‘ektlarini, ularning atrofdagi voqelik hodisalari (turli xil ta’sirlar) va funktsional bog‘liq jarayonlar (qadoqlash, tashish, saqlash, ekspluatatsiya) bilan aloqalari (bog‘lanishlari) ni o‘rganish natijasida aniqlangan haqiqiy ma’lumotlardir.

Sud tovarshunoslik ekspertizasining ob’ektlari: sanoat tovarlari (mebel, to‘qimachilik, trikotaj va tikuvchilik mahsulotlari), iste’mol tovarlari bo‘lmish yarimtayyor, sanoat, attorlik (galantereya) mahsulotlari, maishiy mollari (yoritish asbab va moslamalari); maishiy xo‘jalik tovarlari; orgtexnika va ularning jamlanmalari (komplektlari); – ishlab chiqarish liniyalarining alohida qismlari, oziq-ovqat mahsulotlari.

Ayrim vaziyatlarda ekspertizaga tekshiriladigan tovar bilan birga uning etalon namunalari ham yuborilishi kerak.

Tovarshunoslik ekspertizada tekshiriladigan ob’ekt bilan bir qatorda dastlabki ma’lumot manbai bo‘lib bevosita unga yoki turli yorliqalarga (etiketlar) bosilgan tamg‘alar xizmat qiladi. Tamg‘alar tovarni ishlab chiqaruvchi haqida ma’lumot beradigan yozma matn, shartli belgi, rasm shaklida bo‘lishi mumkin. Ular, shuningdek, tovar sifatini ko‘rsatuvchi xarfli yoki raqamli yozuvlar, tovar bilan ishlash (masalan, ortish, saqlash) qoidalari to‘g‘risida sxematik ma’lumotlar ko‘rinishiga ham ega bo‘ladi.

Tovarshunos ekspertga zarur hollarda tekshiriladigan tovar va uning namunalaridan tashqari tovarning holati va u bilan bo‘lib o‘tgan jarayonlarni aks ettiruvchi hujjalar taqdim qilinadi. Bunday hujjatlar qatoriga quyidagilar kiradi:

– tovarning soni, sifat ko‘rsatgichlari keltirilgan texnik pasportlari va hujjatlari, sifat sertifikatlari, suratlari, chizmalari;– bojxona deklaratsiyasi;– tovarni joydan-joyga ko‘chirish bilan bog‘liq yuk hujjatlari;– tekshiriladigan ob’ektlarni tovar xususiyatlarini aks ettiruvchi jinoiy (fuqarolik, xo‘jalik) ish materiallari, masalan, ob’ektni saqlash sharoitlari, ishlatilganligi, joydan-joyga ko‘chirilganligi, ko‘chirish usuli haqidagi va shu kabi boshqa ma’lumotlar.

Sud tovarshunoslik ekspertining vakolatiga quyidagi savollarni hal etish kiradi:

– tovarning nomi va uning guruhi qanday?

– taqdim etilgan sanoat mahsuloti qanday mahsulotdan tayyorlangan?

– tadqiqot uchun taqdim etilgan mahsulot nuqsoni foydalanish natijasida yoki sifatsizligidanmi?

– qadoqlash qoidasi buzilganmi?

– jabrlanuvchi egnidagi shimi tintuvdagi gumonlanuvchining uyidagi topilgan ko‘rtkasiga mos tushadimi?

– tadqiq qilinayotgan mahsulot yangimi yoki kiyilganmi?

– taqdim etilgan mahsulotni sifati namuna sifatiga to‘g‘ri keladimi? Agar to‘g‘ri kelmasa, ularning farqi nimada?

– tadqiqot uchun taqdim etilgan tovarning ko‘rilayotgan davrdagi bahosi qanday?

– zararlangandan yoki buzilgandan keyingi keltirilgan moddiy zararning hajmi qancha?

– tekshirilayotgan ob’ektning hozirgi (ya’ni ekspertiza o‘tkazish) vaqtdagi o‘rtacha bozor bahosi qanday?

– tekshirilayotgan ob’ektning o‘tgan davrning muayyan vaqtiga o‘rtacha bozor bahosi qanday bo‘lgan? (Ushbu savolni yechish uchun ekspert ixtiyoriga ekspertiza tayinlagan idora tomonidan o‘tgan davrning so‘ralgan vaqtiga tovarga bo‘lgan narx-navolar haqida kamida uchta manba’dan malumotlar taqdim qinishi shart).

Yuqorida ko‘rsatilgan savollar eng ko‘p uchraydigan savollar bo‘lib, ish materiallardagi holatlar va ish mazmuniga qarab ularning doirasi kengayishi mumkin.

Tovarshunoslik ekspertizani tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim)da tovarning xususiyatlari batafsil bayon qilinishi kerak. Bu tekshiriladigan ob’ektni boshqalardan ajratib olishga imkon yaratadi.