Yoshlar masalasi – davlat siyosatining eng ustovor yo‘nalishi.

Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda, O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Mamlakatda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda. Xususan, bugungacha parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan.

Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan ayni davrda insoniyat tarixidagi eng ko‘p yoshlar qatlami bilan yashayotganimizni inobatga olgan holda BMT minbarida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi BMT konvensiyasini qabul qilish taklifi ilgari surilgani ham xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq qarshilandi. O‘zbekiston rahbari bunga asos qilib, bugun dunyo miqyosida yoshlarning soni ikki milliarddan ortib ketgani, xalqaro terrorizm va esktremizm shiddat bilan o‘sib borayotgan bir paytda yoshlarga himoya zarurligini muhim omillar sifatida asoslab berdi.

Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi imzolagan qonun hujjati – 2016 yil 14 sentabrdagi «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi Qonun ekanida ham ramziy mazmun-mohiyat mujassam. Binobarin, aholisining yarmidan ko‘prog‘i yoshlardan iborat bo‘lgan mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol, intellektual salohiyatli, o‘z qat’iy pozitsiyasiga ega, yurtda amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq bo‘lmagan, yurtning ertangi munosib kelajagi uchun daxldorlikka tayyor, maqsadga intiluvchan, serg‘ayrat, vatanparvar, sadoqatli, komil shaxslar sifatida tarbiyalash O‘zbekistonni dunyoning eng rivojlangan davlatlari safidan o‘rin olishining muhim omili ekanini mamlakat rahbari va hukumat yaxshi anglaydi.

Alohida ta’kidlash joiz, «2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi»da ham bu masala alohida o‘z aksini topdi. Jumladan, yoshlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan quyidagi ustuvor vazifalar belgilandi:

birinchidan, jismonan sog‘lom, ruhan va aqlan rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega yoshlarni tarbiyalash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonida ularning ijtimoiy faolligini oshirish;

ikkinchidan, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish hamda xususiy tadbirkorlik sohasiga jalb etish;

uchinchidan, yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash va ro‘yobga chiqarish, bolalar va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzinishakllantirish, ularni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2018 yil 27 iyunda imzolangan «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmon bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim hujjat bo‘ldi. Farmon bilan «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi tashkil etildi va ushbu jamg‘arma yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berishi belgilab qo‘yildi. Ushbu hujjatga e’tibor qaratilsa, yoshlar tadbirkorligi va tashabbuskorligini kompleks rivojlantirish vazifalari aniq va tizimli belgilanganini ko‘rish mumkin.

O‘z navbatida, O‘zbekistondagi barcha o‘zgarishlarning negizi hisoblangan ta’lim-tarbiya tizimida ham tub islohotlar olib borilmoqda. Ayni vaqtda ta’lim, shu jumladan, ijtimoiy soha uchun xarajatlar miqdori davlat budjeti xarajatlari umumiy qiymatining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etmoqda. Tabiiyki, har qanday davlat ham bunday katta xarajatlarni ko‘tara olmaydi, ammo qanchalik og‘ir bo‘lmasin, buning uchun zarur mablag‘ va resurslar izlab topilmoqda.

O‘zbekiston rahbari mazkur xarajatlarni xarajat emas, balki kelajak uchun qo‘yilgan eng samarali sarmoya deb hisoblab, ta’lim darajasi va sifati har qanday davlatning istiqbolini belgilab beradigan muhim omil ekanini ta’kidlamoqda. Haqiqatan ham, islohotlarning taqdiri, natijasi, birinchi navbatda, kadrlar saviyasiga, ularning davr va taraqqiyot talablariga nechog‘li javob bera olishiga bog‘liq.

Shu maqsadda mamlakatda Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi, maktab ta’lim tizimi tubdan isloh qilinib, 11 yillik umumiy o‘rta ta’lim qayta joriy etildi. Viloyatlarda yangi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy va ijodiy markazlar tashkil etilmoqda. Oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalari sezilarli darajada kengaytirildi. Sirtqi va kechki oliy ta’lim shakllari tiklandi. Keyingi ikki yil ichida 15 dan ortiq rivojlangan davlatlarning nufuzli universitetlari filiallari ochildi.

Muxtasar aytganda, O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati aniq maqsadlarni ko‘zlagan holda, bosqichma bosqich, kompleks chora-tadbirlarga asoslangan holda izchil davom ettirilmoqda.

Bu borada Shavkat Mirziyoev tomonidan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi sa’y-harakatlarni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusning ilgari surilishi O‘zbekiston tarixida yoshlar ta’lim-tarbiyasi bo‘yicha yana bir yangi bosqichni boshlab berdi.

Birinchi tashabbus – yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.

Ikkinchi tashabbus – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan.

Uchinchi tashabbus – aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.

To‘rtinchi tashabbus – yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.

Beshinchi tashabbus – xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalalarini nazarda tutadi.

Davlat rahbarining bu ezgu g‘oyasi O‘zbekiston xalqi, ayniqsa, yoshlari tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olinib, qisqa vaqt ichida mamlakat bo‘ylab keng quloch yozdi. Kelgusida real hayotga keng joriy etiladigan ushbu besh tashabbusga ko‘ra, hududlardagi madaniyat markazlari, musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasi va ulardan foydalanish holati keskin yaxshilanadi, yoshlarning qiziqishidan kelib chiqib, qo‘shimcha yana 1,5 mingta to‘garak tashkil etiladi. Hatto eng chekka qishloqlardagi madaniyat markazlarida ham badiiy-havaskorlik jamoalari, yoshlar teatr-studiyalari va “Yoshlar klublari” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, mamlakat miqyosidagi 12 mingdan ziyod sport inshootiga yoshlarni maksimal darajada qamrab olish choralari ko‘rilib, barcha umumta’lim maktablari sport anjomlari bilan to‘liq jihozlanadi. Shu bilan birga, olis va chekka hududlarda yengil konstruksiyali sendvich panellardan kichik sport zallari va sun’iy qoplamali maydonlar quriladi. Bolalar va o‘smirlar sport maktablari soni yanada ko‘paytiriladi.

Yoshlarni internetdagi zararli xurujlardan asrash, ularni axborot texnologiyalaridan unumli foydalanishga o‘rgatish masalalari bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalar asosida barcha hududlarda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etiladi. Bu maskanlarda elektron tijorat va dasturlash bepul o‘rgatiladi, axborot texnologiyalari sohasida biznes bo‘yicha innovatsion ko‘nikmalar shakllantiriladi, “startap” loyihalarga yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, 2021 yilgacha barcha maktablardagi kompyuter sinflarini zamonaviy texnologiyalar va yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i bilan ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, bosqichma bosqich amalga oshiriladi. Yangi tashkil etiladigan kompyuter o‘yinlari markazlari yosh avlodning bilim va dunyoqarashini kengaytirishga qaratilgan test, viktorina, rivojlantirish strategiyalari va boshqa foydali dasturlar bilan ta’minlanadi.

Yoshlarda kitobxonlik ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida, yangi tashabbus doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarga 1 million nusxadan kam bo‘lmagan miqdorda kitoblar yetkazib beriladi. Shu barobarida, har bir shahar va tuman markazida bittadan namunali kitob do‘koni tashkil etiladi, ko‘chma kitob pavilonlari joylashtirilib, “Bibliobus”lar orqali qishloq va ovullar aholisiga kutubxona xizmatlari ko‘rsatib boriladi.

Xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash maqsadida 2019-2020 yillarda barcha tumanlarda 195 ta tikuv-trikotaj korxonasi barpo etish uchun aholi zich yashaydigan, mehnat resurslari ko‘p joylar tanlab olindi. Natijada 24 mingdan ortiq doimiy ish o‘rni yaratish nazarda tutilgan.

Umuman, yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida zamonaviy, ilg‘or-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib berish uchun O‘zbekiston bor kuch va imkoniyatlarini ishga solmoqda. Chunki yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga e’tibor qancha kuchaytirilsa, uning samarasi ham shuncha yuqori bo‘ladi. Shu bois O‘zbekiston jamiyatning faol qatlami sifatida e’tirof etiluvchi yoshlar qatlamiga «muammo» deb emas, balki yurt ravnaqini ta’minlovchi katta kuch, davlatning strategik resursi sifatida qaramoqda.

Natijada bugun yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qat’iy pozitsiyaga ega yoshlar mamlakatning ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib boryapti.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika
sud ekspertizasi Andijon viloyat bo‘limi mudiri
A.M.Parpiev