Mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ tusdagi qarorlarini Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (Lex.uz)da e’lon qilish: muammo va yechim

Muhtaram yurtboshimizning tashabbusi bilan har yili hokimlar ishtirokida o‘tkazib kelinayotgan o‘quv seminarlar tobora muhim ahamiyat kasb etib, hokimlik mas’ul xodimlarining ham malakasini oshirish maxsus kurslarining tashkil etilgani, amalda o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Mazkur tadbirlarda mas’ullar nafaqat o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish, balki faoliyatlaridagi muhim masalalar va mavjud muammolarni samarali hal qilish yo‘llari yuzasidan ham o‘zaro fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Ma’lumki, hokimliklar faoliyati ustidan tizimli monitoring
va nazorat olib borishning yangi mexanizmlari o‘rnatildi. Bunga hanuzgacha huquqni qo‘llash faoliyatida muvofiqlashtirish va hamkorlikning yetarli emasligi, qonunchilik normalarini ayrim hollarda noto‘g‘ri, turlicha, xato talqin qilish va qo‘llash kabi muammolar uchrayotganligi sabab bo‘ldi.

Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil
27 sentyabrdagi PF-6075-son Farmoni 3-bandi bilan 2021 yil 1 iyunga qadar barcha mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (lex.uz)ga (keyingi o‘rinlarda – Milliy baza deb yuritiladi) kiritilishi shartligi belgilandi.

Farmon ijrosini tashkil etish bo‘yicha esa adliya organlari hamda “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz deb yuritiladi) mas’uliyatini oshirib, mahalliy davlat hokimiyati organlarining norma ijodkorligi va huquqni qo‘llash faoliyatida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha aniq choralar ko‘rmoqda.

Masalan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ tusdagi qarorlarini Milliy bazaga kiritish uchun yuborishning texnik talablari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimliklariga uslubiy ta’minlash maqsadida yuborilib, hokimliklar bilan adliya boshqarmalari o‘rtasida kelishuv imzolandi.

Birinchi masala – mahalliy hokimliklarning huquq ijodkorligi faoliyati bo‘yicha: mahalliy hokimliklar huquq ijodkorligining faol sub’ekti bo‘lib, ular qabul qiladigan har qanday hujjat qonunchilikka muvofiq va albatta xalqchil bo‘lishi lozim. Shuning uchun ham, bu masalaga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Adliya organlari esa bu sohada hokimlarga yaqindan huquqiy yordam ko‘rsatuvchi idora hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, mahalliy davlat hokimiyati organlarining quyidagi normativ tusdagi qarorlari huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi kerak:

►huquqiy normalarga (qonun hujjatlarida belgilangan shaklda qabul qilingan, umummajburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida qonun hujjatlari normalarini belgilash, o‘zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan hujjat) ega bo‘lgan;

►aniq adresat bilan ta’riflanmaydigan;

►aniq munosabatlarni belgilovchi yagona tartibga ega bo‘lgan.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari loyihalari normalari lo‘nda, aniq, oddiy va ravon tilda bayon qilinishi lozim. Normativ-huquqiy hujjatni o‘qiganda va amalda qo‘llaganda, uning matni turli xil talqinlar va tushunmovchiliklarga olib kelmasligi lozim. Normativ-huquqiy hujjatda foydalaniladigan tushunchalar va atamalar ularning qonun hujjatlarida qabul qilingan mazmuniga muvofiq, turlicha sharhlash imkoniyatini istisno etadigan tarzda bir xilda qo‘llaniladi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmaydigan hujjatlari ham mavjud-ki, ularga quyidagilar kiradi:

  • yakka tartibdagi xususiyatga ega bo‘lgan hujjatlar:

– shaxsiy tusdagi (lavozimga tayinlash, boshqa lavozimga o‘tkazish yoki lavozimdan ozod qilish, komissiya va boshqa kollegial organlar tarkibini tasdiqlash, mukofotlash va boshqa shu kabilar) hujjatlar;

– tezkor va boshqa joriy masalalar bo‘yicha qabul qilingan hujjatlar;

  • ilgari belgilangan tartibni ijro etishni tashkil etishga yo‘naltirilgan va normativ-huquqiy ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olmagan hujjatlar (shu jumladan butun mazmuni boshqa organlar va mansabdor shaxslarning hujjatlari to‘g‘risida xabardor qilishdan iborat bo‘lgan hujjatlar);
  • tavsiya tusidagi hujjatlar;
  • muayyan tashkilot va fuqarolarga yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) to‘g‘risidagi hujjatlar;
  • normativ huquqiy tusga ega bo‘lmagan boshqa hujjatlar.

Huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmaydigan qarorlar loyihalari huquqiy normalarga ega bo‘lmasligi, ular huquqiy normalarni qo‘llashga qaratilgan bo‘lib, individual mazmunga va bir martalik xarakterga ega bo‘lishi lozim. Bunday qarorlar loyihalarida hatto bitta huquqiy norma o‘rnatilgan bo‘lsa ham ular, albatta, huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi lozim.

Shuning uchun mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, agar hujjatlarning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, rasman e’lon qilinganidan so‘ng kuchga kiradi. Bu toifadagi mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlari esa mazkur organlarning rasmiy nashrlarida e’lon qilinadi.

Normativ-huquqiy hujjat rasman e’lon qilinganda uning barcha rekvizitlari (hujjatning turi va nomi, qabul qilingan joyi, sanasi, raqami va imzo qo‘yib tasdiqlashga rasman vakolati bo‘lgan shaxslarning familiyasi, lavozimi va imzolari) ko‘rsatilishi lozim.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilganda, yuridik xizmat va adliya organlari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilganda rasmiy nashrlarda e’lon qilingan manbalardagi qonun hujjatlaridan foydalanish lozim.

Bunday manbalar bo‘lib «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi», «O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami», «O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami», «Xalq so‘zi» va «Narodnoe slovo» gazetalari, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy nashrlari hisoblanadi.

Birgalikda ko‘rilgan choralar natijasida normativ tusdagi qaror loyihalarini adliya boshqarmalariga huquqiy ekspertiza qilish uchun muntazam ravishda taqdim qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Biroq, bu yo‘nalishda hali e’tibor qaratish lozim bo‘lgan kamchiliklar talaygina. Shunga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan Farmonga muvofiq Vazirlar Mahkamasi Adliya vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2021 yil 1 iyunga qadar mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlarini, eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlarni bekor qilish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatgan holda, tizimlashtirish va ularni Milliy bazaga kiritish, normativ-huquqiy hujjatlarni bazaga avtomatik tarzda joylashtirish mexanizmini joriy etish ishlari amalga oshirilishini tashkil qilish vazifasi yuklatildi.

“Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasiga asosan Adliya vazirligi huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanib, normativ-huquqiy hujjatlar Milliy bazada 2017 yilning 25 sentyabridan Markaz tomonidan rasman e’lon qilib kelinmoqda.

Mazkur qonunning 9-moddasiga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘z vakolatlari doirasida o‘zi qabul qilgan normativ-huquqiy xususiyatga ega bo‘lgan qarorlarning matnlarini va zarur bo‘lgan taqdirda, ularga doir axborot-tahliliy materiallarni Milliy bazada e’lon qilish uchun va davlat organlariga yuborish uchun Adliya vazirligiga hududiy adliya organlari orqali yo‘llashi belgilangan.

Hokim qabul qilgan normativ – huquqiy hujjatlar rasmiy nashrlarda e’lon qilinishi shart va bunga imkoniyat ham mavjud. Andijon shahar
va Toshkent shahar hokimliklarining rasmiy nashrlari mavjud emasligi yoki bosma nashrlarda e’lon qilish uchun mablag‘ zarurligi natijasida, qarorlar e’lon qilinmayapti, bu qarorlar Milliy bazaga rasman e’lon qilish uchun ham hududiy adliya organlari orqali yuborilmayapti.

Xususan, 2020 yilning o‘tgan davrida hokimlar qabul qilgan 799 ta normativ tusga ega qarorlarning 57 tasi, ya’ni 8 foizi rasmiy nashrlarda e’lon qilinmagan. Bu ko‘rsatkich Jizzax viloyatida (54-44) 19 foizni, Xorazm viloyatida (41-35) 15 foizni va Toshkent viloyatida (51-40) 8 foizni tashkil qilgan.

Ta’kidlash lozimki, bunday qarorlarni rasmiy nashrlarda e’lon qilmaslik fuqarolar, davlat va jamiyat manfaatlariga putur yetkazishi mumkin. O‘z navbatida, bunday hujjatlar vakolatli idoralar tomonidan bekor qilinadi yoki sud tomonidan haqiqiy emas deb topiladi.

Birgina 2020 yilning 9 oyida adliya organlari kiritgan taqdimnomalarga asosan jami 170 ta, jumladan; Qashqadaryoda 44 ta, Samarqandda 36 ta, Surxondaryoda 21 ta, Xorazm 20 ta, Buxoro, Jizzax
va Andijonda 8 tadan, Toshkent viloyatida 3 ta, Toshkent shahrida 2 ta, Farg‘onada 1 ta, Sirdaryoda 1 ta hokimning normativ tusdagi qarorlari qonunchilikka zidligi sababli bekor qilingan.

Masalan, Sirdaryo viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan 2017 ― 2019 yillar va 2020 yilning 9 oyida normativ tusdagi jami 179 ta qaror qabul qilingan bo‘lsa-da, shundan 138 tasi (4 ta Sirdaryo viloyati hokimining, 10 ta Yangier, 13 ta Shirin, 6 ta Guliston shaharlari, 14 ta Guliston, 15 ta Sayxunobod, 16 ta Sirdaryo, 16 ta Mirzaobod, 15 ta Oqoltin, 9 ta Boyovut, 11 ta Xovos hamda 9 ta Sardoba tumanlari hokimlarining qarorlari) Milliy bazaga joylashtirish uchun Markazga yuborilgan, qolgan 41 ta qaror hozirga qadar yuborilmagan.

Joylashtirish uchun yuborilgan 138 ta qarorning 12 tasini e’lon qilingan sanasi va manbasi mavjud emasligi sababli Milliy bazaga joylashtirishning imkoni yo‘q. Chunki, 12 ta qaror qachon va qaysi mahalliy gazetada e’lon qilinganligi bo‘yicha ma’lumot taqdim etilmagan (Guliston tuman hokimining 2019 yil 30 martdagi 1330-sonli qarori, Yangier shahar hokimining 2018 yil 9 martdagi 286-sonli qarori).

Qarorlar matnida imloviy va boshqa xatolar mavjud, “q, g‘, o‘, h” harflari boshqa harflarda ifodalangan (Sayxunobod tuman hokimining 2018 yil 14 fevraldagi 312-son qarori, qarorning matnida “kilish maksadida” “kat’iy “karor kabul kilishni”… deb yozilgan), hujjatlar kechiktirib yuborilmoqda (Sayxunobod tuman hokimining 2019 yil
4 fevraldagi 551-son qarori Markazga 4 oy kechiktirib, 2019 yil 11 aprelda yuborilgan), hujjatlarning rekvizitlari (muhr, imzo, sana) to‘liq emas (Sirdaryo viloyati hokimining “Viloyatda 2018 yilda qo‘llaniladigan davlatga tegishli ko‘chmas mulklar ijara to‘lovining eng kam stavkalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi” qarori yuborilgan, sana, imzo, muhr mavjud emas).

Xuddi shu kabi holatlar aksariyat viloyatlar hokimliklari faoliyatida mavjud.

Eng asosiysi, qabul qilingan normativ-huquqiy xususiyatga ega bo‘lgan qarorlar to‘liq, ularning tegishli axborot tahliliy materiallari esa umuman yuborilmasligi, Milliy bazada e’lon qilinmasligi, kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni yoki o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqidagi ma’lumotlarni Milliy bazadagi hujjatlarga kiritilmasligi hamda nazorat holatida yuritilmasligiga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2017 yil 22 dekabrdagi 1013-son qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlariga yetkazilmayapti. Bu bilan yuqorida qayd etilgan Qonun va Hukumat qarori ijrosi ta’minlanmayapti.

Huquq ijodkorligi sohasida ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklar ushbu soha faoliyati ustidan nazoratni shaxsan xokimlar o‘z zimmasiga olishlarini, faoliyat samaradorligini oshirish yuzasidan hududiy adliya organlari bilan birgalikda kompleks chora – tadbirlarni amalga oshirishni talab qiladi.

Ikkinchi masala – mahalliy davlat hokimiyati organlarining huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash faoliyati bo‘yicha: markaz tomonidan 2020 yilning 9 oyida 960 ta qabul qilingan va hokimliklarga elektron shaklda yuborilgan normativ-huquqiy hujjatlar to‘liq qabul qilib olganligi elektron manzilda ko‘rinsa-da, ular tuman (shahar) hokimliklariga hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yuborilmayapti, ularni rahbar va xodimlari e’tiboriga o‘z vatqida yetkazilmayapti, shuningdek, o‘zlari qabul qilgan va o‘z faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy veb-saytlariga joylashtirmayapti, o‘z faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar matnlaridagi normalarning mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga doir, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyat darajasini yuksaltirishga qaratilgan yetarli chora-tadbirlar ko‘rilmayapti, eng asosiysi, bu hujjatlarning ijrosini ta’minlashga mas’ul xodim ham biriktirilmayapti.

Ma’lumot uchun: Milliy baza foydalanuvchilar orasida Lex.uz faoliyatni qanday baholaysiz mavzusida so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnomani jami 12 300 nafar foydalanuvchi o‘qib, 3 082 nafari ishtirok etgan bo‘lsa, ularning 40 foizi a’lo, 37 foizi yaxshi, 18 foizi o‘rtacha va 5 foizi yomon deb baholagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlari, ularga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning Milliy bazada e’lon qilish tezligini qanday baxolaysiz mavzusida o‘tkazilgan so‘rovnomani esa 12 900 nafar foydalanuvchi o‘qib, 2 901 nafar ishtirok etganlarning 33 foizi a’lo, 36 foizi yaxshi, 24 foizi o‘rtacha va 7 foizi yomon deb fikr bildirgan.

Ishtirok etuvchilardan tushgan taklif va e’tirozlar Milliy bazani, shuningdek, Markaz faoliyatini yanada takomillashtirish hamda konsepsiyalar, dasturlar, “Yo‘l xarita”lari va kompleks tadbirlar ijrosini tanqidiy va chuqur tahlil qilish uchun foydalaniladi.

Milliy baza sayti foydalanuvchilari haqidagi raqamlarni dunyo bo‘yicha solishtirganda unchalik ham katta raqam ko‘rinmasa-da, www.lex.uz www.uz reytingida barcha kategoriyalar bo‘yicha 13-o‘rinda (o‘tgan yilga nisbatan 13 ta yuqoriladi), ma’lumot beruvchi saytlar ro‘yxatida 3-o‘rinda, qonun va huquq yo‘nalishida 1-o‘rinda saralangan. Saytning doimiy kiruvchilar soni bir kunda taxminan 30-44 mingtani, ko‘rishlar soni esa 176 mingta (o‘rtacha hisobda oyiga 5.5 mln. ta)ni tashkil etadi.

Saytdan bir oyda O‘zbekistondan 650 371 nafar foydalanuvchi foydalangan bo‘lsa, Kolumbiya (192 116 nafar), Rossiya federatsiyasi (37 974 nafar), AQSh (7 671 nafar), Buyuk Britaniya (4 305 nafar), Ukraina (4 120 nafar), Qirg‘iziston (3 560 nafar), Qozog‘iston (2 818 nafar), Chexiya (1 717 nafar), Germaniya (1 593 nafar), Turkiya (1 283 nafar)dan turib ham faol foydalanishmoqda. Saytdagi qonun hujjatlari nafaqat davlat tilida balki, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida ham e’lon qilinmoqda.

Navbatdagi masala – mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish faoliyati bo‘yicha: Respublikamizda mustaqillik yillarida fuqarolarimizning huquqiy ongi, madaniyati va bilimini oshirishga qaratilgan asrlarga ta’tigulik ishlar amalga oshirildi. Ko‘p asrlik ma’naviy qadriyatlarni, ulug‘ ajdodlarimizning huquqiy merosini, umumbashariy qadriyatlar va inson huquqlari haqidagi xalqaro huquqiy normalarni o‘zida mujassam etgan Konstitutsiyamiz, 18 ta kodeks, 600 dan ortiq qonunlar qabul qilindi, barcha xuquq sohalari bo‘yicha o‘quv darsliklari, qo‘llanmalar, sharhlar, ommabop yuridik adabiyotlar yaratildi. MDH davlatlarida birinchi bo‘lib qabul qilingan Asosiy qonunimizda fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburligi belgilab qo‘yildi. Demak, fuqarolarning qonunlarni bilishi, ularga rioya etishi konstitutsiyaviy darajada o‘rnatildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 25-moddasiga muvofiq hokimlarga Qonunlarni hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi xujjatlarining, yuqori turuvchi organlar va tegishli xalq deputatlari Kengashi qarorlarning ijrosini tashkil etish, jamoat tartibiga rioya etilishi va jinoyatchilikka qarshi kurash, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquqlarini himoya qilish va salomatligini muhofaza etish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ko‘rish vazifalari yuklatilgan.

Mazkur vazifalarni amalga oshirish va ma’naviyatning ma’no-mohiyati, milliy ma’naviyatimizning qadimiy ildizlari, noyob va betakror namunalari, bugungi kundagi rivojlanish tamoyillari haqida aniq maqsadga qaratilgan targ‘ibot ishlarini muntazam ravishda olib borish, aholi, avvalambor yoshlar o‘rtasida Vatanga muhabbat va sadoqat, insonparvarlik fazilatlarini tarbiyalash, milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlarning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini har tomonlama ochib berishga yo‘naltirilgan suhbat va uchrashuvlar, ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish, bugungi kunda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, keng ko‘lamli islohotlarning mohiyati, qabul qilingan qonun xujjatlari va davlat dasturlarining ahamiyatini atroflicha sharhlash va tushuntirish, yurtimizga qarshi qaratilgan g‘oyaviy va informatsion xurujlar, ularning ortida turgan kuchlarning g‘arazli maqsadlarini tushuntirish, odamlarni hushyorlik va ogohlikka davat etish, olimlar, siyosatchi va mutaxassislar, ijodkor ziyolilar ishtirokida joylarda samarali targ‘ibot tizimini yo‘lga qo‘yish, ota-ona, oila va mahalla, tarixiy xotira, milliy g‘urur, komil inson tarbiyasi bilan bog‘liq tuyg‘u va tushunchalarni yosh avlod qalbi va ongiga ta’sirchan usul-uslublar orqali singdirish, ajdodlarimizning bu boradagi merosini bugungi taraqqiyot talablari bilan uzviy holda rivojlantirish, targ‘ibot ishlarini milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg‘unligi asosida tashkil etishlari zarur.

Xulosa shuki, mavjud xato va kamchiliklar O‘zbekistonning imidjiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, shu uchun ham mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy xususiyatga ega bo‘lgan qarorlar va qayd etilgan Qonun hamda Hukumat qarori bo‘yicha xodimlarda mas’uliyatni yanada oshirishni talab etadi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar)lar hokimliklari, hududiy adliya organlari kamchiliklardan xulosa qilib, ularni bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan faoliyat samaradorligini yanada oshirishlari lozim bo‘ladi.

Buning uchun eng avvalo, qonun buzilishi holatlari kelib chiqishiga sharoit yaratayotgan:

– Milliy bazaga kiritish va e’lon qilish uchun yuborilayotgan hujjatlarning sifati, lingvistik va imloviy jihatlariga e’tibor qaratish, huquqiy va texnik talablarga to‘liq rioya etish;

– mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan 2017 yil 25 sentyabrdan hozirga qadar qabul qilingan normativ tusdagi qarorlarni xatlovdan o‘tkazib, yuborilmaganlarini Milliy bazaga kiritish uchun Markazga qog‘oz, “pdf” va “word” shaklda e’lon qilingan manba (gazeta)sini ilova qilgan holda yuborish;

– normativ tusdagi qaror loyihalarini tayyorlashda Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma (ro‘yxat raqami 2420, 2013 yil 1 fevral) talablariga qat’iy rioya etish;

– Markaz tomonidan elektron tizim orqali yuborilayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni:

o‘z vaqtida qabul qilib olish;

ijrosini ta’minlashga mas’ul shaxs belgilash;

o‘z tarkibiy va hududiy bo‘linmalariga hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga o‘z vaqtida yetkazilishini ta’minlash;

ularni rahbar va xodimlar e’tiboriga yetkazish;

o‘zlari qabul qilgan va o‘z faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni o‘zlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtirish;

o‘z faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar matnlaridagi normalarning mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga doir, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyat darajasini yuksaltirishga qaratilgan zarur ishlarni amalga oshirish;

mas’ul rahbarlar va xodimlarning “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 dekabrdagi 1013-son qarorida nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgarligini oshirish va aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatma berish lozim bo‘ladi.

 

Alijon OChILOV

“Adolat” milliy huquqiy axborot

markazi direktori